20-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoya bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida nogironligi bor farzandini parvarishlash nafaqasini olishi mumkin bo‘lgan 33 ming ota-ona bu imtiyozdan foydalanmayotganini ta’kidladi.

Prezidentning ta’kidlashicha, bunga ijtimoiy himoya tizimi bilan 250 ta xizmat qamrab olingan bo‘lsa-da, mahalladagi aholi ularning yarmidan ham xabardor emasligi sabab bo‘lmoqda.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, raqamlashtirish hisobiga, o‘rnidan tura olmaydigan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz 2 ming kishiga yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilganini aytdi.

“Masalan, Navoiy shahrida yashaydigan nogironligi bor yolg‘iz ayolni 12 yoshli farzandi maktabga chiqmasdan parvarishlab kelayotgan edi. Unga ijtimoiy ko‘makchi biriktirilib, uyida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgani sabab farzandi maktabga chiqib, oilaning ijtimoiy ahvoli yaxshilanmoqda”, — dedi u.

Davlat rahbari sohadagi ba’zi kamchiliklarni sanab, 20 dan ortiq idoraning ijtimoiy himoya borasidagi faoliyati hujjatlarda puxta o‘ylanmasdan, betartib belgilanganini ko‘rsatib o‘tdi. Hudud rahbarlari ham muhtoj oilalar bilan manzilli ishlamay, pul va oziq-ovqat berish, maishiy texnika sovg‘a qilish bilan cheklanib kelganini qayd etdi.

“Eski ijtimoiy himoya tizimida odamlarga umid berish, hayotini yaxshilashi, band bo‘lishiga ko‘maklashish eng oxirgi o‘ringa tushib qolgan”, — dedi prezident.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya qilish, kasbga o‘rgatish orqali to‘laqonli hayotga qaytarishga e’tibor sustlashib ketganini tanqid qildi, nogironligi bor shaxslar ishlashi mumkin bo‘lgan kasblar ro‘yxati zamon talablaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqilmagani sababli ular o‘zining mehnat salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqara olmayotganini aytdi.

Shuningdek, davlat rahbari og‘ir ijtimoiy ahvoldagi odamlarni hayotga ilhomlantiradigan, rag‘bat uyg‘otadigan ta’sirchan kontent, she’r, qo‘shiq, film va boshqa badiiy asarlar yaratilmayotganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, endilikda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xizmatlar ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirish va tezlashtirish maqsadida:

  • ehtiyojmand toifani belgilash bo‘yicha mezonlar ishlab chiqiladi va aynan qanday yordamga muhtojlik borligi aniq belgilab beriladi;
  • har bir muhtoj fuqaro bo‘yicha individual ijtimoiy xizmatlar dasturi bo‘ladi;
  • mahalladagi “yettilik” uchun ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha yagona savolnoma joriy qilinadi;
  • mahalladagi barcha ijtimoiy xizmatlarni bosqichma-bosqich ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi orqali taqdim etish yo‘lga qo‘yiladi.