19-fevral kuni soat 12:30 atrofida Toshkent shahri Sergeli tumanida ichida yo‘lovchilari bo‘lgan Yutong elektrobusi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, “12-avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi 40-sonli yo‘nalishda harakatlanayotgan haydovchi Q.Q. (staji 33 yil) boshqaruvidagi elektrobus tumanning “Yangi Sergeli” ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, haydovchi qon bosimi oshgani sababli boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetini ajratib turuvchi panjaraga borib urilgan.

YTH oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Tarmoqlarda tarqalgan videoda avtobus ichida yo‘lovchilar ham bo‘lgani ko‘rinadi. Elektrobus texnik shikastlangan. Avtobus haydovchisi shifoxonaga olib ketilgan.

Hozirda ushbu yo‘l-transport hodisasi poytaxt YHXB xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.