Turkiya politsiyasi va O‘zbekiston IIV Tezkor-qidiruv departamenti Qidiruv boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida jinoyat olamida “Monya” taxallusi bilan tanilgan, 2001-yilda tug‘ilgan Munisaxon Alijonova Istanbul shahrida qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar qildi.

U odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, 2023-yildan buyon O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvda bo‘lgan.

Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasiga yoki O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilish so‘raladi.

“Jinoyat uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash maqsadida Turkiya hududida hamkorlikdagi tadbirlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Bundan avval Istanbulda 2017 va 2018-yillardan buyon odam savdosida ayblanib qidiruvda bo‘lgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingandi.

Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro qidiruvga berilgan 8 nafar fuqarosi, jumladan, “Madam Klod” nomi bilan tanilgan Nilufar Mirxanova Turkiyada qo‘lga olingani xabar qilingan edi.