ChatGPT chatbotini ishlab chiqqan sun’iy intellekt sohasidagi tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi OpenAI kompaniyasi foydalanuvchi so‘rovlari asosida videolar yaratuvchi sun’iy intellekt modelini ishlab chiqdi.

Yangi mahsulot Sora deb atalib, foydalanuvchilar so‘rovlari asosida davomiyligi 1 daqiqagacha bo‘lgan fotorealistik kliplar yarata oladi. Sora matn shaklidagi ko‘rsatmalar va statik tasvirlar asosida ishlay oladi.

“Model bir nechta belgilar va batafsil fonni o‘z ichiga olgan murakkab sahnalarni yaratishi mumkin”, deya ta’kidlagan uni ishlab chiqqan mutaxassislar. Ularning so‘zlariga ko‘ra, u “real dunyodagi narsalar fizikasini tushunadi” va qahramonlarning emotsiyalarini takrorlay oladi.

Shu bilan birga, kompaniya Sora`dan foydalanish davomida murakkab sahnalarning fizik jihatini aniq modellashtirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar va boshqa xatolar haqida ogohlantirgan. Hozir model test qilinayotgani va faqat cheklangan doiradagi rassomlar, dizaynerlar va rejissyorlar uchun undan foydalanish imkoniyati mavjudligi aytilgan.

“Testdan o‘tkazish jarayonida ishtirok etganlar o‘z fikr va mulohazalarini bildirishlari kerak”, deya qayd etgan kompaniya. Rasmiy reliz sanasi bo‘yicha ma’lumot berilmagan.

Bir necha kun oldin, OpenAI ChatGPT`da foydalanuvchilar “xotiralari” funksiyasini sinab ko‘rish boshlanganini ma’lum qilgandi.

Quyida Sora orqali yaratilgan videolarni ko‘rishingiz mumkin: