13-fevral kuni Toshkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida avtobusda notanish ayolga shilqimlik qilgan erkakka nisbatan sud hukmi o‘qildi. “Gazeta.uz” sud hujjati bilan tanishdi.

Hujjatga ko‘ra, jabrlanuvchi M.X. (ayol) 2024-yil 5-fevral kuni soat 19:00 larda 69-sonli yo‘nalishdagi avtobusga chiqib, o‘rindiqqa joylashgan. Avtobus Chilonzor tumani 19-mavzedagi “Batalon” oldiga yetgan vaqtda I.F. (1997-yilda tug‘ilgan) jinsiy a’zosini chiqarib shilqimlik qilgan.

Ayol buning oqibatda uning sog‘lig‘iga putur yetkazilgani, qon bosimi ko‘tarilib, davolanishga muhtoj bo‘lib qolganini bildirib, unga yetkazilgan 10 million so‘m miqdoridagi ma’naviy zararni undirib, qonun doirasida qat’iy chora ko‘rishni so‘radi.

Sud majlisida huquqbuzar I.F. haqiqatdan ham avtobusda ketayotgan vaqtida o‘zini boshqarolmay yuqorida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik harakatini bajarganini, bilmasdan ushbu harakatni sodir qilganini, jabrlanuvchidan kechirim so‘rab, afsusda ekanini, hozirda qilmishidan pushaymonligini bildirib, yengilroq jazo tayinlashni so‘radi.

Sud qarori bilan I.F. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida (Shahvoniy shilqimlik qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topildi va unga shu modda bilan 5 (besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qamoqxonasi foydasiga qamalganlarni saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida 255 000 so‘m undiriladi.