Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatidan o‘tgan Muborak — Pomuq — Alang — Nishon avtomobil yo‘lining 17 kilometridagi ko‘prik qulab tushgani aytilgan video tarqaldi. Muborak tumani hokimligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, uzunligi 12 m bo‘lgan ko‘prik 1982-yilda zovur ustida qurilgan. U og‘ir yuk tashuvchi avtotransport vositalarining muntazam harakatlanishi sabab nosoz holatga kelib qolgan.

Hokimlikka ko‘ra, hozirda ko‘prikdan harakatlanish to‘liq cheklangan, axborot beruvchi yo‘l belgilari o‘rnatilgan va avtotransport harakati uchun vaqtinchalik aylanma yo‘l tashkil qilingan.

Biroq 2024-yil 16-fevral kuni og‘ir avtotransport vositasi aylanma yo‘ldan harakatlanmasdan, avariya holatida bo‘lgan mazkur ko‘prikdan harakatlanishi oqibatida ko‘prikning temir-beton plitalari singan va qulab tushgan. Sodir bo‘lgan hodisa oqibatida salbiy holat kuzatilmagan.

Ko‘prik 2024-yilda qayta qurilishi belgilangan bo‘lib, yilning 2-choragida to‘liq qayta foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda, deyiladi xabarda.