Tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanidagi internat tarbiyachisi o‘quvchini urayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani munosabat bildirar ekan, buni o‘z nazoratiga olganini ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, videodagi voqea tumandagi 5-sonli maktab-internatda 2023-yil oktabr oyida sodir bo‘lgan. Tarbiyachi D.M. 2013-yilda tug‘ilgan S.M.ning yuziga tarsaki tushirgan.

“Internat shaklidagi maktablarda tahsil olayotgan bolalar tarbiyachilarining yanada ko‘proq e’tibori va g‘amxo‘rligiga muhtoj bo‘lsa-da, aynan ana shu vazifa yuklatilgan insonlarning o‘zi bolaga bunday nomaqbul munosabatda bo‘lishini hech qanday holatda oqlab bo‘lmaydi”, — deyiladi ombudsman munosabatida.

Qo‘shimcha qilinishicha, bunday faktlarga nisbatan mutlaqo murosasiz bo‘lib, bu kabi harakatlarga yo‘l qo‘ygan shaxslar qat’iy ravishda qonun doirasidagi javobgarlikka tortilishi shart.

Hozirda holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.