14-fevral kuni Farg‘ona shahrida daraxtlarni kestirmoqchi bo‘lgan fuqaro janjal oqibatida vafot etdi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, fuqaro Sh. O.(ayol) “Jo‘ydam” mahallasidagi ekin yer maydoni chetidagi terak daraxtlarini kestirayotgan bo‘lgan. Shu paytda yer maydoning sobiq egasi fuqaro E.U. daraxtlar uniki ekanini aytib, janjallashib ketgan.

Janjal davomida erkak ayolning bosh qismiga tosh bilan urib, tan jarohati yetkazgan. Ko‘rsatilgan birinchi tez-tibbiy yordamga qaramasdan Sh. O. shifoxonada vafot etgan.

Tayinlangan sudga oid tibbiy ekspertizaning dastlabki xulosasiga ko‘ra, ayolning o‘limiga bosh qismidan olgan og‘ir tan jarohatlari sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.