13-fevral kuni tunda Buxoro viloyati Kogon tumani prokurori B.G‘. 90 ming dollar olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ushlangani aytilmoqda. Bu haqda Kun.uz yozmoqda.

Xabarga ko‘ra, u viloyat prokuraturasi ish yurituvidagi “Kogon yog‘-ekstraksiya zavodi” AJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan jamiyat ta’sischisidan unga nisbatan qo‘llangan qamoq ehtiyot chorasini bekor qilish va jinoyat ishi bo‘yicha yengillik qilib berishga kelishgan.

Buning evaziga vositachi orqali Buxoro shahri shoshilinch tez tibbiy yordam markazi binosi yaqinida 90 ming dollar olgan vaqtida ushlangan, deyiladi ma’lumotda.

Hozirda holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun, B.G‘. 2022-yil apreldan buyon Kogon tumani prokurori lavozimida ishlab kelayotgandi.

Bosh prokuratura holat yuzasidan ma’lumot berganicha yo‘q.