Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari — Shahnoza Xolmaxmatova hamda Gulruh Agzamova Facebook`dagi shaxsiy sahifalarida “o‘zini „professional kouch“, „murabbiy“, „psixolog“ sifatida ko‘rsatishga urinayotgan chalasavod marafonchilar” faoliyatini tartibga solish zarurligini ta’kidlab, bu boradagi fikrlarini bayon etdi.

Quyi palataning Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Shahnoza Xolmaxmatova odamlarni soxta motivatorlar uchun pulini behuda sarflamaslikka chaqirdi.

“Bozor iqtisodiyoti sharoitida g‘oya, axborot ham moddiy qiymatga ega vositalardan sanaladi. Zotan, bilimga ega shaxs o‘zining intellektual salohiyati tufayli kattagina daromad topishi mumkin. Bizning axborot, bilimlar asrimizda esa aqliy mehnatga haq karrasiga oshib ketdi. Bu tabiiy, albatta, va, o‘ylaymanki, taraqqiyot alomati. Ustozlar, murabbiylar, ilm egalarining bilimi, mehnati tilloga teng. Lekin, ming afsus, bugun ijtimoiy tarmoqlarda 2−3 ta kitobni o‘qib-o‘qimay, o‘zini „professional kouch“, „murabbiy“, „psixolog“ sifatida ko‘rsatishga urinayotgan chalasavod marafonchilar ham ko‘payib ketdi”, — deb yozdi u.

Deputatga ko‘ra, bilimini boshqalarga o‘rgatishga bel bog‘lagan, o‘z ishining ustalarining nomiga dog‘ tushirayotgan soxta trenerlar faoliyati hammani o‘ylantirishi kerak.

deputat аёллар, psixologия

“Qonunchiligimizda internetdagi „kouch“, „psixolog“ faoliyatini tartibga soladigan norma yo‘q. Notarius, advokat, rieltor va boshqa turli-tuman kasb egalari uchun qonunlarda aniq talablar belgilangan. Lekin insonning eng nozik tarafi bo‘lgan qalbi, ongi bilan ishlayotgan, uni davolayman deb iddao qilayotgan shaxslar malakasiga nimaga qonuniy talablar joriy qilinmasligi kerak? Bundaylar odamlar ongiga zararli va zaharli, buzg‘unchi g‘oyalarni singdirayotgani aniqlangan taqdirda, qanday yo‘l tutiladi? Yoki hech qanday qiymatga ega bo‘lmagan ma’lumotlar bilan sodda odamlarni aldab yurgan bo‘lishsa-chi? Pullarini olib, o‘zlarini esa umuman tagi yo‘q „bilimlar“ bilan boqib yurgan firibgarlarga nahot chora ko‘rolmasak?” — deydi Xolmaxmatova.

Deputat iste’molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida “motivatorlar”, “psixologlar” faoliyatini tartibga solishga qaratilgan qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish kerakligini ta’kidladi. “Bunday qonunchilik hujjatlari, shubha yo‘qki, iste’molchilar uchun ham, ushbu xizmatlarni ko‘rsatuvchilar uchun ham manfaatli bo‘ladi”, — dedi u.

Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi a’zosi Gulruh Agzamova hamkasbining fikrlarini qo‘llab-quvvatlashi hamda “infolo‘ttiboz”likni tartibga solish zarurligini qayd etdi.

deputat аёллар, psixologия

“Haqiqatan, bugun internet va ijtimoiy tarmoqlar yoki shaxsiy qabullar va ommaviy uchrashuvlar orqali odamlar bilan o‘z bilimlarini o‘rtoqlashayotgan mashhur biznesmenlaru professional psixologlar, lingvistu dasturchilar mehnatini qadrlaymiz va olqishlaymiz. Biroq hozirgi axborot zamonida bo‘lar-bo‘lmas, hech qanday ilmiy asosga ega bo‘lmagan g‘oyalarni tarqatish orqali odamlarni aldash, soxta psixologlik yoki boshqacha maslahatlar berish bilan shug‘ullanadiganlar ko‘payib qoldi. Xalqimizni aldab pulini o‘marayotgan, farzandlarimiz ongini zaharlayotgan soxta psixologu-trenerlarga qarshi kurashishimiz lozim”, — deb yozdi u.

Deputatga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda psixolog xizmatiga talab oshishi natijasida malakali psixologlar bilan bir qatorda 2−3 oylik o‘quv kurslarini tugatib faoliyat yuritayotgan soxta “psixologlar” soni ham oshmoqda. “Ular psixologiyani ijtimoiy foydali vositaga emas, balki daromad topish, ya’ni o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida biznes qilish vositasiga aylantirmoqda”, — dedi Gulruh Agzamova.

“Ushbu shaxslar aholining ishonuvchanligidan foydalangan holda ijtimoiy hayotdagi og‘riqli nuqtalarni yuzaga chiqarish va muhokama qilish orqali ularni jamiyatdagi muayyan jarayonlarga fikrini tubdan o‘zgartirish va manipulyatsiya qilishga harakat qilishmoqda. Mazkur jarayonda ular yaxshigina daromad olishni ko‘zlashadi, albatta. Ayrim holatlarda ushbu shaxslar har bir jamiyatda nozik mavzu hisoblangan „jinsiy tarbiya“ niqobi ostida turli kontentlar orqali aholi, ayniqsa, yoshlar orasida axloqiy buzuqlik harakatlarini targ‘ib qilmoqda. Vaholanki, qayd etilgan shaxslarda o‘zi targ‘ib qilayotgan masalalar bo‘yicha bilimini tasdiqlovchi tegishli hujjati (diplom, sertifikat, litsenziya va shu kabilar) mavjud emas”, — degan u.

Gulruh Agzamova qonunchilikda psixologik faoliyati, psixolog kimligi, unga qanday malaka talablari qo‘yilishi, turli mavzularda seminar-treninglar qay tarzda o‘tkazilishiga oid masalalarga aniq va qat’iy talablar belgilash vaqti kelganini bildirdi.

“Albatta, ular o‘z „mahsulotlarini“ mijozlarga, ya’ni tinglovchilarga majburlab o‘tkazgani yo‘q. Kattalar-ku, mayli, aqli yetar, oq bilan qorani ajratib olar, ammo yoshlarimizning hali shakllanmagan ongiga bunday narsalar salbiy ta’sir ko‘rsatishi muqarrar. Insonlar ruhiyatiga salbiy ta’sir qiluvchi va uni izdan chiqaruvchi mental vositalardan foydalanish bosqichma-bosqich jamiyat degradatsiyasiga olib kelishi, yurtimizda shakllangan oila qadriyatlariga putur yetkazishi, yoshlarda salbiy egoistik fikrlash ko‘nikmasi shakllanishiga sharoit yaratilishiga olib kelishi mumkin”, — dedi deputat.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu yo‘nalishdagi faoliyat huquqiy tomondan to‘liq tartibga solinmagani, sohadagi subyektlarning maqomi, huquq va majburiyatlarining huquqiy doirasi belgilanmagani mazkur salbiy holatlar vujudga kelishiga zamin yaratmoqda.