Ustyurt platosi kengliklarida yashagan va inson omili ta’sirida yo‘qolib ketgan Osiyo qoploni populyatsiyasini qayta iqlimlashtirish boshlanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 14-yig‘ilishi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida aytiladi.

“Barchangizga yaxshi ma’lumki, hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlari sayyoramiz ekotizimlarining ajralmas qismi hisoblanadi. Afsuski, hozirgi kunda ular iqlim o‘zgarishi, yashash joylarining yaroqsiz holga kelishi, noqonuniy ov va savdo kabi jiddiy tahdidlar bilan to‘qnash kelmoqda. Natijada hayvonlarning genetik resurslari qisqarmoqda, ularning nodir va noyob turlari, tabiiy uyg‘unlik va ekotizimlar yo‘qolib bormoqda”, — deyiladi tabrikda.

Tadqiqotlarga ko‘ra, Yer yuzidan so‘nggi 50 yilda ularning 100 dan ortiq turlari, Markaziy Osiyoda esa 26 turdagi qushlar, 12 turdagi sut emizuvchilar, jumladan, Turon yo‘lbarsi, Osiyo qoploni va boshqa endemik turlar butunlay yo‘q bo‘lib ketdi.

Prezident ta’kidlashicha, qisqa muddatda ko‘chib yuruvchi turlarni ishonchli himoya qilishni ta’minlovchi qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar uch karraga oshirilib, mamlakat umumiy maydonining 14 foiziga yetkazilgan. O‘zbekistonning nodir tabiat landshaftlari YUNESKOning Butunjahon tabiiy meros ro‘yxati, Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog‘iga va Ramsar konvensiyasi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Qayd etilishicha, yovvoyi hayvonlarni parvarish qilish uchun yangi pitomniklar tashkil etildi. Noyob qush turlari va sut emizuvchilarni o‘z yashash makonlarida ko‘payishini qayta tiklash bo‘yicha dasturlar amalga oshirilmoqda. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar maydonda o‘rmonlar yaratilgani o‘simliklar xilma-xilligini va hayvonot dunyosini qayta tiklash imkonini bermoqda.

“O‘zbekiston 2024−2027-yillarda Konvensiyaga raisligi davrida ko‘chib yuruvchi hayvon turlarini himoya qilishga o‘zining butun kuch va salohiyatini to‘liq safarbar qilishga tayyordir. Biz Samarqandda bu borada kelgusidagi ishlarimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan 2024−2032-yillarga mo‘ljallangan Yangi strategik reja tasdiqlanayotganini olqishlaymiz. Shuningdek, Hayvonlarning ko‘chishiga to‘siqlardan xoli ekologik yo‘laklarni yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va qabul qilishni qo‘llab-quvvatlaymiz”, — deyiladi tabrikda.

Prezidening qayd etishicha, hozirgi vaqtda O‘zbekiston transchegaraviy tabiiy parklar yaratish bo‘yicha mintaqa mamlakatlar bilan yaqin hamkorlik qilmoqda va ular sonini keskin ko‘paytirish niyatida.

“Bir vaqtlar Ustyurt platosi kengliklarida yashagan va inson omili ta’sirida yo‘qolib ketgan Osiyo qoploni populyatsiyasini qayta iqlimlashtirishni boshlash niyatidamiz. Olimlar va ekspertlarni bu yo‘nalishda hamkorlikka chorlab qolamiz”, — deyiladi tabrikda.

“Fursatdan foydalanib, Atrof-muhitni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochish bo‘yicha qarori uchun alohida tashakkur aytmoqchiman. Biz tashkilotning mintaqamiz flora va faunasini saqlab qolishdek xayrli faoliyatiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyormiz”, — deya qayd etilgan prezident tabrigida.