O‘zbekistondagi 70 ta tumanda mineral o‘g‘it saqlash omborlari tashkil qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida yangi zaxiralarni ishga solish hamda 2024-yilgi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Omborlardagi o‘g‘itlar qoldig‘ini kunlik monitoring qilib, yetishmagan qismini zudlik bilan yetkazish muhimligi qayd etildi.

Buning uchun fevral-aprel oylarida birjaga chiqadigan mineral o‘g‘it kunlik hajmini 6 ming tonnadan 9 ming tonnaga oshirishga ko‘rsatma berildi.

Shuningdek, o‘g‘it tannarxni 15 foizga kamaytirib, qishloq xo‘jaligini 900 ming tonna mineral o‘g‘it bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda o‘g‘it sifati va ustamasi bo‘yicha ayrim tumanlarda e’tirozlar bo‘layotganiga to‘xtalib o‘tildi.

Prezident mutasaddilarga fermerlarga o‘z hisobidan o‘g‘it sotib olishda qulay moliyaviy mexanizmlarni joriy qilish bo‘yicha taklif kiritishga topshiriq berdi (masalan, bank yoki sug‘urta kafolati asosida bo‘lib-bo‘lib to‘lash, tijorat krediti foizlarini pasaytirish).

Joylardagi omborlardan klaster va fermerlarga mineral o‘g‘itni tashishda transportni logistika portalida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinadi.

Shuningdek, fermerlarga yoqilg‘ini o‘z vaqtida yetkazib berishda nazoratni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.