1−8-fevral kunlari Farg‘ona viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 23 ta holatda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tizimga 7 milliard 315 million so‘m zarar keltirilgan.

Xususan, Farg‘ona shahri va Furqat tumanida istiqomat qiluvchi 5 nafar fuqaro yashash xonadonlarida kriptoaktiv va mayning qurilmalarni elektr tarmoqlariga noqonuniy ulab olgan. Buning oqibatida davlat manfaatlariga jami 7 mlrd 14 mln so‘m miqdorida zarar yetkazgan.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi, deyiladi xabarda.