8-fevral kuni Kun.uz “Xususiy OTMning litsenziyasi to‘xtatilsa, undagi talabalar nima qiladi?” elon qildi. Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ushbu jarayonga bog‘liq qator savollar bilan yuzlangan.

Vazirlik litsenziyasi bekor qilingan xususiy OTMlarning talabalari o‘qishni boshqa universitetga ko‘chirishi mumkinligini ma’lum qildi.

Vazirlikning qayd etishicha, hozirga qadar litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzgani uchun 6 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotining tegishli litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sudga davo arizalari kiritilgan. Shundan 5 tasining tegishli litsenziyalari sud qaroriga ko‘ra bekor qilingan bo‘lsa, 1 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda.

2023-yil 3-iyuldagi PQ-200-son qarorga ko‘ra litsenziyasi bekor qilingan ta’lim tashkiloti yoki yopilgan ta’lim dasturida tahsil olayotgan talabalarga o‘qishini davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga belgilangan tartibda ko‘chirish huquqi vazirlikka berilgan.

Cud jarayonlari to‘liq yakunlangan va litsenziyasi bekor qilingan oliy ta’lim tashkilotlari — Valley Innovative University, Urganch shahridagi Binary universitetining barcha talabalari tegishli tartibda oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirilgan. “Hozirda litsenziyasi bekor qilingan boshqa oliy ta’lim tashkilotlarining talabalarini o‘qishini ko‘chirish ishlari tashkil etilmoqda” — deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirlik litsenziyasi bekor qilingan oliy ta’lim tashkilotlarining biron-bir talabasi ko‘chada qolmasligini ma’lum qiladi. Barcha talabalarning arizasiga asosan o‘qishi belgilangan tartibda boshqa oliygohlarga ko‘chirilishi ta’minlanadi”, — deyiladi xabarda