6-fevral kuni Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Fotorassomlar shu’basi a’zolarining hisobot va havaskor fotograflarning qo‘shma ko‘rgazmasi ochildi.

badiiy ijodkorlar uyushmasi, профессионал фотографлар, рустам шарипов, тошкент fotosuratlar уйи, фоторассомлар, фоторассомлар shu’basi, havaskor фотографлар, hisobot

Bu turdagi ko‘rgazmalar yakuniga yetgan yilni sarhisob qilish maqsadida an’anaviy tarzda har yili o‘tkazib kelinadi. Fotorassomlar shu’basi raisi Rustam Sharipovning aytishicha, dastlab faqat shu’ba a’zolarining suratlari namoyish etilgan bo‘lsa, so‘nggi besh yillikda havaskor fotograflarga ham o‘z ishlarini ko‘rsatish imkoni berilmoqda.

“Ko‘rgazmada havaskorlarning ijodiy namunalari Umida Abdurazzoqova, Husniddin Ato, Margarita Konctantinova, Hamdam Shoraxmetov, Erik Muzripov, N.Ioshuk, A.Jumayev, V.Goncharenko, V.Sokolov, S.Kanaki, A.Korovin, V.Jirnov, Ye.Volodina, B.Nedosekov kabi taniqli fotograflarning ishlari bilan yonma-yon turishi ular uchun bir muvaffaqiyat, ayni vaqtda zimmalariga mas’uliyat ham yuklaydi. Bu raqobat emas, o‘rganish. Bu minbarning o‘z talablari bor”, — deydi Rustam Sharipov.

Ko‘rgazmada shu’baning 30 ga yaqin a’zosi va 80 dan ortiq havaskor fotosuratchilarning 800 dan ortiq ishlari 4 xonadan iborat ekspozitsiya zalida namoyishga qo‘yilgan.

Suratlarni taqdim etish 2023-yilning dekabr oyidan boshlangan bo‘lib, shu’baning to‘qqiz nafar a’zolari — Ye.Volodina, S.Karandayev, I.ur, A.Jumayev, V.Jirnov, C.Dexkanov, V.Sokolov, R.Xabutiya, M.Konstantinovalardan iborat badiiy kengash tomonidan saralangan.

Tashkilotchilarning aytishicha, ko‘rgazma uchun taqdim etilgan suratlarning mavzusi va janriga cheklov qo‘yilmagan. Shunga ko‘ra ekspozitsiyada portret, natyurmort, manzara va aralash janrdagi fotografiyalar, an’anaviy va noan’anaviy, qiziqarli syujetlarni, rang-barang va oq-qora rangdagi kompozitsiyalarning turli mavzular yordamida talqin qilinganini ko‘rish mumkin.

Ko‘rgazma 13-fevralgacha davom etadi. “Gazeta.uz” namoyishga qo‘yilgan suratlarning bir qismini mushtariylar e’tiboriga taqdim etadi.