O‘zbekiston hududlarida yanvar oyida 995 nafar iste’molchining elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishi oqibatida tizimga 94 mlrd 542 mln so‘m zarar yetkazildi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspetsiya” matbuot xizmati.

Respublikaning barcha hududlarida inspeksiya tomonidan 24 969 ta profilaktika tadbir o‘tkazilgan. Xususan, 20 mln 486 ming kVt/soat elektr energiyasi va 47 mln 387 ming metr kub tabiiy gaz talon-taroj qilingani aniqlangan.

Shuningdek, 14 ta davlat korxona va muassasasida, 1540 ta obyekt hamda 2565 ta ijtimoiy soha obyektida nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha 937 ta ma’muriy ish rasmiylashtirilgan.

Reaktiv quvvatni kompensatsiya qiluvchi qurilmalar o‘rnatish yuzasidan tadbirkorlik subyektlarida tushuntirish ishlari olib borilib, 13 145 nafar iste’molchiga tegishli ko‘rsatmalar berilgan, deyiladi xabarda.