2023-yil davomida milliy to‘lov tizimlari bo‘lgan Uzcard va Humo tizimlarida amalga oshirilgan kartadan kartaga pul (P2P) o‘tkazmalari 224,3 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 80,8 trln so‘mga yoki 56 foizga ko‘p, deya xabar berdi Markaziy bank matbuot xizmati.

2023-yildagi P2P to‘lovlarining 65,7 foizi Uzcard va 34,3 foizi Humo to‘lov tizimi hissasiga to‘g‘ri kelib, 2022-yilda to‘lov tizimlarining ulushi mos ravishda 68,3 foiz va 31,7 foiz bo‘lgan.

Shuningdek, 2023-yilda QR-online axborot tizimi tomonidan tadbirkorlik subyektlariga taqdim qilingan QR-kodlar soni 2022-yilga nisbatan 3 mingtaga ortib, 100,7 ming donaga yetgan va tranzaksiyalar summasi qariyb 2,5 barobarga ortib, 137 mlrd so‘mdan 337 mlrd so‘mgacha oshgan.

Ma’lumot o‘rnida, QR-online tizimi bank kartasi va to‘lov terminalidan bevosita foydalanmagan holda bank kartasidagi mablag‘lar hisobidan tovar va xizmatlar uchun mobil ilovalar yordamida QR-kod orqali tezkor to‘lovlarni amalga oshirish maqsadida ishga tushirilgan.