O‘zbekistonda bukmekerlik shoxobchalarini qonuniylashtirish masalasi jamiyatda ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda, qarorni qabul qilish bo‘yicha biror muddat aytishga hali erta, dedi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidagi tadbirda jurnalistlarga.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2019-yil dekabr oyida bukmekerlik shoxobchalarini qonuniylashtirishni nazarda tutuvchi farmonni imzolagan bo‘lsa-da, 2022-yil apreliga kelib davlat rahbari yangi farmon bilan bu qarorni bekor qilgan edi. Ammo 2023-yil aprel oyida u yana bukmekerlik faoliyati uchun me’yoriy-huquqiy bazani rivojlantirishni buyurgan.

“Onlayn qimor va bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirish yoki qonuniylashtirmaslik jamiyatning o‘zi o‘rtasida juda ziddiyatli masala. Kimdir tarafdor, kimdir qarshi. Hozir aynan pozitsiyamizni aniqlash masalasi turibdi”, — dedi Vyacheslav Pak mamlakatda bukmekerlik shoxobchalarini qonuniylashtirishning ehtimoliy muddatlari haqidagi savolga javob berar ekan.

Uning aniqlik kiritishicha, O‘zbekistonda bukmekerlik shoxobchalari faoliyati to‘g‘risidagi qaror “qabul qilinishi kerak bo‘lgan” takliflarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra qabul qilinadi.

Hozirda O‘zbekiston qonunchiligida tavakkalchilikka asoslangan qimor va boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlangan.