Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida yuz bergan janjaldan so‘ng bir yigit vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, 3-fevral kuni Dang‘ara tumanida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida uch nafar shaxs o‘zaro janjallashgan.

Shu paytda bezorilikni oldini olish maqsadida, ularni ajratish uchun kelgan boshqa shaxsga (2001-yilda tug‘ilgan) ham faol qarshilik ko‘rsatilgan. Bir necha vaqtdan so‘ng, ushbu shaxs hushini yo‘qotgan va shifoxonaga olib borilayotgan vaqtida vafot etgan.

Olib borilgan tergov oldi tekshirish harakatlari davomida Dang‘ara tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan ikki nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ular protsessual tartibda ushlangan.

Marhumning o‘limi yuzasidan Dang‘ara tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda. Uning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Tergov va tekshirish harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.