Prezident 2-fevral kuni “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Hujjat bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.

Unga ko‘ra, yer egalari Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutidan o‘ziga tegishli yer uchastkasidagi tuproqning sifatini baholash to‘g‘risida axborot olish huquqiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, yer egalari shaharsozlik faoliyatini, geologik qidiruvni va foydali qazilmalarni qazib olishni, qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan boshqa faoliyatni amalga oshirishda tuproqning mavjud unumdor qatlamini sidirib olishi va saqlashi shartligi belgilandi.

Sidirib olingan tuproqning unumdor qatlamini qurilish tashkilotlari hokimliklar tomonidan belgilangan joylarga saqlash uchun olib chiqadi.

Unumdor qatlam sidirib olinmagani va saqlanmagani fakti aniqlanganda yetkazilgan zararning o‘rni mahalliy budjetga qoplanadi. Mazkur pul mablag‘laridan qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan sug‘oriladigan yerlarni foydalanishga kiritish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun foydalaniladi.

Tuproqni o‘rganish Qishloq xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklarining vakolatli tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi, deyiladi xabarda.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.