Tarmoqlarda ichki ishlar organlari xodimlaridan biri xizmat kiyimida spirtli ichimlik iste’mol qilib, fuqaro bilan gaplashayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati izoh berdi.

Qayd etilishicha, videoda Qo‘shrabod tumani IIB profilaktika inspektori lavozimida xizmat qilgan katta serjant Z.S. bo‘lgan. U xizmatga 2023-yilning 20-noyabrda qabul qilingan.

Boshqarma inspektor mazkur ishi orqali IIO xodimi sha’niga putur yetkazuvchi harakatlar sodir qilgani uchun ishdan olinganini bildirdi.

Ushbu holatni kelib chiqishiga yo‘l qo‘ygan rahbar xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan, deyiladi xabarda.