2023-yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga eng ko‘p ta’lim sohasi xodimlarining xatti-harakatlari va sohadagi qonun buzilishi holatlari bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Agentlik axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov ma’lum qildi.

2023-yilda agentlikka jami 3545 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning eng ko‘pi, ya’ni 511 tasi ta’lim sohasi xodimlarining xatti-harakatlari va sohadagi qonun buzilishi holatlari bo‘yicha, 406 tasi sud qarorlaridan noroziliklar, 301 tasi davlat xaridlari va tender savdolari jarayonidagi qonun buzilishi holatlari bo‘yicha murojaatlar hisoblanadi.

Agentlik tomonidan davlat xaridlari, budjet mablag‘laridan samarali foydalanish yo‘nalishlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan qonun buzilishlarni bartaraf etish yuzasidan vazirlik va idoralarga 225 ta taqdimnoma, javobgarlik masalasini hal qilish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 227 ta so‘rovnoma yuborilgan.

Yuborilgan so‘rovnomalar asosida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 23 ta jinoyat ishi va 96 ta ma’muriy ishlar qo‘zg‘atildi, 74 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Qayd etilishicha, 2023-yili amalga oshirilgan ma’muriy islohotlardan so‘ng 90 ta davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.