O‘zbekistonda 254 milliondan ortiq daraxtning koordinatalari aniqlanib, raqamli xaritasi yaratildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar bermoqda. Tashkilotning ma’lum qilishicha, prezident farmoniga ko‘ra, Toshkent shahrida sinov tariqasida daraxtlar pasportlashtiriladi.

U 3 bosqichdan iborat:

  1. Aerokosmik tasvirlar va dasturiy vositalardan foydalangan holda mavjud daraxtlar to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi.
  2. Xatlov natijasiga ko‘ra aniqlangan daraxtlarning turi, yoshi, bo‘yi, holati va joylashuv koordinatasini aks ettiruvchi ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
  3. Ma’lumotlar bazasi asosida “Yashil makon” elektron platformasida har bir daraxtga pasport shakllantiriladi va ID raqam beriladi.

Keltirilishicha, 1-bosqich doirasida barcha viloyatlardagi yashil qoplam maydoni aniqlandi. Barcha daraxtlar va butalarning maydoniga, sun’iy yo‘ldoshlar orqali olingan fotosuratlardan foydalanib, geoaxborot tizimi orqali ishlov berildi.

Bundan tashqari, vazirlik huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti barcha daraxtlarni xatlovdan o‘tkazdi. Ularning joylashuv koordinatalari, soni aniqlandi hamda raqamli xaritasi yaratildi. Bunda AQSh, Kanada, Xitoy, Hindiston, Avstraliya, Rossiya, Germaniya va Yaponiya kabi davlatlarning tajribalari o‘rganildi, deyiladi xabarda.

Daraxtlarni sanashda eng kamida 5 yosh va undan yuqori bo‘lgan daraxtlar hisobga olindi. O‘zbekistonning barcha hududlarida jami 254 million 162 ming 505 dona daraxtning koordinatalari aniqlanib, raqamli xaritasi yaratildi.

Hozir 2−3-bosqichlarda xatlov ishlari inspektorlar tomonidan joyiga chiqqan holda amalga oshirilmoqda. Bunda “Yashil makon” elektron platformasi takomillashtirilib, daraxtlar xatlovi bo‘yicha daraxtlar reyestri tizimi yaratildi. Daraxtlarning turi, diametri, holati, koordinatasi, fotosi, va mas’ul tashkilot to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilmoqda. Hozirgi kunda respublika bo‘yicha jami 200 mingdan ortiq daraxtlar xatlovdan o‘tkazilib, ma’lumotlar elektron platformaga kiritilgan.

Kunlik daraxtlar xatlovi natijalarini yashilmakon.eco veb sayti orqali kuzatib borish mumkin.

Keltirilishicha, mas’ullar Toshkent shahridagi daraxtlarni raqamlashtirish orqali ularni pasportlashtirish uchun sinov tariqasida 100 ta komplekt qurilma xarid qilmoqda.

Daraxtlarni pasportlashtirish ishlari natijalari daraxtlarga ID raqam berish orqali “Yashil makon” elektron platformasida aks ettiriladi.