Prezident 29-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda noqonuniy qurilish ishlari haqida gapirdi, deb xabar qildi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Qayd etilishicha, 2023-yilning o‘zida 4 mingga yaqin bunday holat aniqlangan.

Shuningdek, so‘nggi ikki yilda ko‘p qavatli uylarga tutash maydonlarda 7 mingdan ortiq o‘zboshimcha qurilish bo‘lgan, yana 5 mingta holatda umumiy foydalanishdagi joylar to‘sib olingan.

Hududlarda, ayniqsa, Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylar atrofida noqonuniy avtomobillar uchun to‘xtash joylari qilib, “blokator”lar o‘rnatish avj olmoqda, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda mutasaddilar aholi punktlarining bosh rejalari va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqishni o‘z holiga tashlab qo‘ygani tanqid qilindi.

Bosh rejasi bor hududlarda ham qurilish ishlari pala-partish tashkil etilmoqda, Qurilish vazirligida buni nazorat qiladigan tizim ishlamayapti, dedi davlat rahbari.

Umuman, ko‘chalarning yagona qiyofasiga amal qilish tizimi yo‘qligi, turli uslubdagi binolar yonma-yon qurilib, shaharlarning arxitektura qiyofasi buzilayotgani qayd etildi.