Toshkentning zamonaviy markazi o‘zining bir yarim asrdan ortiqroq tarixi davomida ne-ne haykallarni ko‘rmagan deysiz — avvaliga Turkistonni rus mustamlakasiga aylantirgan fon Kaufmanning, chor Rossiya ag‘darilgach esa O‘roq va bolg‘a, Lenin, Stalin, Karl Marks haykallari shu yerga o‘rnatilgan edi.

1993-yil 31-avgustidan beri esa bu yerda to‘liq marsh libosida ot mingan, qirollik toji ko‘rinishida ishlangan dubulg‘a kiygan, kamarida g‘ilofli qilich bilan tasvirlangan va egarga biriktirilgan qalqon bilan ifodalangan, chap qo‘li bilan ot jilovini ushlab, o‘ng qo‘lini yuqoriga ko‘tarib, go‘yoki yo‘l ko‘rsatayotgan Amir Temur haykali turibdi. “Gazeta.uz” banknot va tangalar, davlat mukofotlari va pochta markalariga ham tasviri tushirilgan bu haykalning qisqa tarixini e’tiboringizga havola qiladi.

Foto: Ma’murjon Obrahmatov / “Gazeta.uz”Foto: Ma’murjon Obrahmatov / “Gazeta.uz”

"Amir Temur haykali avval poytaxtga o‘rnatilishi kerak"

Sovet davrida Amir Temur haqida gapirganlar quvg‘inga olinar, u haqda imkon qadar ochiq gapirmaslikka harakat qilinardi. “Gapirgan taqdirda ham faqat salbiy — qonxo‘r va bosqinchi kabi yorliqlar bilan tilga olinardi, ta’lim maskanlarida ham shunday o‘qitilardi”, — deb eslaydi jurnalist Mamatqul Hazratqulov.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, prezident Islom Karimov tashabbusi bilan tasviriy san’at va haykaltaroshlikda Amir Temur obrazini yaratish masalasi ilgari surildi. “Bunga shaxsan prezidentning o‘zi bosh-qosh bo‘ldi”, — deydi jurnalist.

Dastlab, 1992-yili Samarqandda viloyat hokimligi Amir Temur haykalini o‘rnatish bo‘yicha tanlov o‘tkazgan. Unda haykaltarosh Ilhom Jabborov hamkasbi jiyani Kamol Jabborov bilan tayyorlagan loyiha 23 ish orasidan g‘olib sifatida tanlab olingan. Akademik haykaltaroshning eslashicha, u Samarqandga Amir Temur haykalini o‘rnatish haqida ilk bor 1969-yildayoq o‘ylagan edi.

“Samarqandga birinchi marta 1969-yili borganman. O‘shanda Bibixonim madrasasi va temuriylar davrida qurilgan boshqa tarixiy binolarni ko‘rib, viloyatga kiraverishda Amir Temurning baland haykalini yasab, o‘rnatish niyati paydo bo‘lgan. Lekin u paytlarda sohibqiron haqida asar yaratish bir chetda tursin, u haqda ochiq gapirish ham mumkin emasdi”, — deydi Ilhom Jabborov.

Haykaltarosh 1992-yili jiyani bilan ishlab chiqqan haykal loyihasi bo‘yicha, Samarqand markaziga Amir Temur otda uchayotgani aks etgan baland ustun o‘rnatilishi kerak edi. Ammo oradan hech qancha o‘tmay, Temur haykali avval poytaxtga o‘rnatilishi, buning uchun alohida tanlov o‘tkazilishi ma’lum qilingan. “Shu sababli Samarqanddagi loyiha to‘xtatildi, biz ham haykalni yasamadik”, — deydi Ilhom Jabborov.

Aeroportdagi muhokama

Ilhom Jabborov yangi haykalni tayyorlashga kirishishdan avval Amir Temurning hayoti, xarakteri, faoliyatini ochib beruvchi ko‘plab kitoblarni o‘qib, izlanganini, Ibn Arabshoh va boshqa tarixchilar, olimlarning manbalari bilan tanishib chiqqanini ta’kidlaydi. Jurnalist Mamatqul Hazratqulov esa haykal hozirgi ko‘rinishiga kelguniga qadar shaxsan prezident ishtirokidagi ko‘plab muhokamalardan o‘tganini eslaydi.

“Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan muhokamada loyihaning bir qancha varianti ko‘rsatildi va yig‘ilish ishtirokchilari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Islom Karimov bu loyihalarning birortasidan foydalanib bo‘lmasligini, ularda Amir Temurning ichki dunyosi, ruhi u yoqda tursin, hatto tashqi qiyofasi ham o‘xshamaganligini aytdi. „Temurga xos shiddat, o‘ktamlik, ayni chog‘da salobat qani bu yerda? Holbuki, haykal Amir Temurning nafaqat tashqi qiyofasi, balki ichki olamini ham ifodalab berishi kerak. Buning uchun ulug‘ bobomizning faoliyatini, hayotini, asarlarini, o‘gitlarini puxta o‘rganish zarur. Bu siymo obrazini yaratishga yengil-yelpi qarab bo‘lmaydi“, dedi”, — deya xotirlaydi jurnalist.

Haykaltaroshlar Ilhom (o‘ngda) va Kamol Jabborovlar Amir Temur haykali loyihasi ustida ishlamoqda. Toshkent, 1993-yil. Foto: O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlar milliy arxiviHaykaltaroshlar Ilhom (o‘ngda) va Kamol Jabborovlar Amir Temur haykali loyihasi ustida ishlamoqda. Toshkent, 1993-yil. Foto: O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlar milliy arxivi

1993-yili e’lon qilingan tanlovda, Ilhom Jabborovning xotirlashicha, 9−10 ta loyiha qatnashgan. Ushbu tanlovda ham haykaltarosh Jabborovlar tomonidan tayyorlangan loyiha g‘olib chiqqan. Ammo prezidentga dastlab boshqa haykaltaroshning ishi ko‘rsatilgan.

“Bu ishga Toshkentning o‘sha vaqtdagi rahbariyati boshchilik qilgan. Islom Karimovga ko‘rsatilgan haykalda otda o‘tirgan Amir Temur bir qo‘lida nayza va boshi egilgan holda tasvirlangan edi. Xuddi mag‘lubiyaga uchragandek. Islom Karimovga bu haykal yoqmagan, kamchiliklarini to‘g‘rilash kerakligini aytgan. O‘sha muhokamadan so‘ng poytaxt hokimi va mas’ul vazirlar ustaxonamga kelib, prezidentga bizning ishimizni ko‘rsatmoqchi ekanliklarini aytishdi”, — deb eslaydi haykaltarosh. Shundan so‘ng haykal loyihasi aeroportga olib boriladi.

“Islom Karimov Turkiya safaridan qaytayotgan ekan, samolyotdan tushiboq loyihani ko‘rdi. „Mana, aytganimni qilsa bo‘larkan-ku, haykal muallifi qani, nega ko‘rinmayapti?“, deb o‘tgan safar ko‘rishgan haykaltaroshning ismini aytgan. Hozir uni ismini eslolmayapman. Keyin bosh vazir o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekov: „Bu haykalni o‘zimizning qorako‘z haykaltarosh yasadi“, deb meni oldiga chaqirdi. Islom Karimov bir necha soniya menga qarab turib, xursand bo‘lib ketgandi”, — deydi Jabborov.

Nega Jo‘rabekov haykaltaroshni “o‘zimizning qorako‘z” deb tanishtirgan?

Ilhom Jabborovning so‘zlariga ko‘ra, sovet davrida O‘zbekistonda o‘rnatilgan aksariyat haykallar Rossiya va boshqa respublikalarning haykaltaroshlari tomonidan ishlangan.

“O‘zimizda ham mahoratli haykaltaroshlar bor edi, lekin “tepa”dagilar ularga ishonchsizlik bilan qarar, “boshqa respublikalardagi haykaltaroshlar zo‘r yasaydi”, deb o‘ylardi. U vaqtda menda ham katta loyihalarda qatnashish, haykallar yasash orzusi bo‘lgan, ammo imkon yo‘q edi. 1993-yili Amir Temur haykalini yasash nasib qildi — bu O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin qo‘yilgan birinchi haykal edi. Hozir mamlakatdagi haykallarni o‘zimizning haykaltaroshlar yasayapti, ko‘pi shogirdlarim”, — deydi u.

Prezident va gazeta o‘qimaydigan haykaltarosh muloqoti

Mamatqul Hazratqulovning xotirlashicha, aeroport binosida Ilhom Jabborov yasagan haykal varianti muhokama qilingan, turli darajadagi rahbarlardan fikr so‘ralgan.

“U loyihada Amir Temur otda o‘tirgan, chap qo‘lida bayroq, o‘ng qo‘li bilan otning jilovini ushlagan holda aks ettirilgan edi. Islom Karimov muhokama ishtirokchilaridan „Podsholar bayroq olib yurganmi?“, deb so‘raganidan keyin hamma jim bo‘lib qoldi. Shundan so‘ng Islom Abdug‘aniyevichni ko‘zi menga tushib, „Siz yozuvchisiz, tarixni yaxshi bilishingiz kerak, bu borada fikringiz qanday?“, deb so‘radi. Men podsholar bayroq olib yurmaganini aytdim”, — deb eslaydi Hazratqulov.

Uning qayd etishicha, Islom Karimov shu fikrga qo‘shilishini, lashkarda bayroqni, ya’ni tug‘ni olib yuruvchi maxsus odamlar bo‘lgani, ular tug‘dorlar deyilganini aytib bergan. “Otning jilovi haqida gapiradigan bo‘lsak, tizgin chap qo‘lda tutiladi. O‘ng qo‘lda qamchi, agar jang payti bo‘lsa, qilich ushlangan”, — deya izoh bergan Karimov.

“Keyin Islom Karimov muhokama ishtirokchilariga hazil aralash: „Hech otga minganmisizlar o‘zi? Otga minayotganda chap oyoqni uzangiga qo‘yib, o‘ng oyoq otning ustidan oshiriladi… O‘ng qo‘lida jilov tutgan odamni hech ko‘rmaganman“, dedi. Shundan so‘ng haykalning eng mayda detallarigacha aytib, unda Amir Temurga xos salobat, ulug‘vorlik, shiddat, ayni chog‘da mehribonlik aks etishi shartligini qayd etib, haykaltaroshga topshiriq berdi”, — deydi jurnalist.

Ilhom Jabborovning so‘zlariga ko‘ra, Islom Karimov unga haykal loyihasi ma’qul kelganini aytgan va o‘z takliflarini bildirgan.

“Muhokama yakunida haykal sentabrgacha bitishi kerakligini aytdi. Prezidentni birinchi marta ko‘rishim edi va uning xarakterini bilmasdim. „Kechirasiz, men bir yarim oyda tayyor qilolmayman“, dedim. Yonimda turgan mas’ullardan biri „gap qaytarma!“ degan ma’noda kastyumimdan bir tortdi. „Sen gazeta o‘qimaysanmi?“, dedi Karimov. „Kam o‘qiyman“, deb javob qaytardim. „Mana shu vazirlarni hammasi senga yordam beradi, haykal sentabrda o‘rnatilishi kerak“, dedi. Keyin bilsam, Islom Karimov haykal o‘rnatilishi to‘g‘risida qaror chiqargan ekan, uni men o‘qimagandim”, — deb eslaydi haykaltarosh.

Azoblarni eslatuvchi yodgorlik

Ilhom Jabborov jiyani bilan birga bir yarim oy qattiq ishlab, haykalni prezident aytgan muddat — Mustaqillik bayramigacha bitirgan.

Prezident Islom Karimov, (chapdan) Toshkent shahar hokimi Adhambek Fozilbekov, bosh vazir Abdulhoshim Mutalov, bosh vazir o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekov va Oliy Kengash raisi Shavkat Yo‘ldoshev Toshkentdagi Amir Temur haykali ochilishida. 1994-yil, 2-sentabr. Foto: O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlar milliy arxiviPrezident Islom Karimov, (chapdan) Toshkent shahar hokimi Adhambek Fozilbekov, bosh vazir Abdulhoshim Mutalov, bosh vazir o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekov va Oliy Kengash raisi Shavkat Yo‘ldoshev Toshkentdagi Amir Temur haykali ochilishida. 1994-yil, 2-sentabr. Foto: O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlar milliy arxivi

“Ammo kamchiliklari ko‘p edi, buni o‘zimiz ham bilardik. Dastlab gips variantini yasab, hozirgi joyiga — Amir Temur xiyoboniga o‘rnatganmiz. O‘shanda Islom Karimovdan kamchiliklarini to‘g‘rilash uchun bir yil muddat berishini so‘raganman. U rozi bo‘lgan. Keyin jiyanim ikkimiz yana ishga kirishganmiz. Bu vaqt ichida haykalga va tagidagi toshga bir metrdan qo‘shib, ikki metrga ko‘targanmiz. Ham haykalni, ham toshni bir xil o‘lchamda ko‘targanimiz uchun buni ko‘pchilik bilmagan. Bir yil davomida tasavvurimdagi haykalni yasaganman. Shu bois bronzadan qilingan quyma haykal hozirgacha maydonda viqor bilan turadi”, — deydi haykaltarosh.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 2-sentabr sonidan“Toshkent oqshomi” gazetasining 1993-yil 2-sentabr sonidan

Bir xato tarixi

Yodgorlik poydevoriga sohibqironning ismi — “Amir Temur” va uning shiori — “Kuch adolatda” yozuvi to‘rt xil — o‘zbek, rus, ingliz va arab tillarida bitilgan. Mamatqul Hazratqulovning qayd etishicha, boshida “Temur” so‘zi xato bilan “Timur” tarzida yozilib qolgan.

“Haykal ochilish marosimida hamma hayajonda bo‘lib, yozuvga ahamiyat bermagan bo‘lishi mumkin. O‘sha yozuvni to‘g‘rilab qo‘yishni haykal muallifiga, poytaxt hokimligi va undan tepadagi rahbarlarga aytdim. Ammo hammasi bitta javobni berdi: prezident tasdiqlagan. To‘g‘ri, haykalni davlat rahbari ko‘rgan va tasdiqlagan, ammo yozuvni to‘g‘ri yozish ham prezidentning ishimi?! Amir Temur nomi noto‘g‘ri yozilishi kimning xayoliga keladi, deysiz?”, — deya xotirlaydi jurnalist.

O‘sha vaqtda bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlagan Alisher Azizxo‘jayev Vazirlar Mahkamasida til masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazganida, Mamatqul Hazratqulov haykalda “Temur” so‘zi noto‘g‘ri yozilganini aytgan. “U kishi buni o‘rganib chiqishini ta’kidladi. Oradan hech qancha o‘tmay, „Timur“ so‘zi „Temur“ deb to‘g‘ri yozildi, xato to‘g‘rilandi”, — deydi u.

Amir Temur haykali, 2001-yil. Foto: O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlar milliy arxiviAmir Temur haykali, 2001-yil. Foto: O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlar milliy arxivi

Toshkentdagi haykal ochilgach, prezident Islom Karimov endi Samarqand va Shahrisabzga ham Amir Temur haykallarini o‘rnatish zarurligini ta’kidlagan. Shundan so‘ng Ilhom Jabborov ushbu shaharlarga o‘rnatilajak haykallar bo‘yicha bir qancha variantlarni davlat rahbariga ko‘rsatgan. “Ma’qul kelganlarini saralab olib, ishni boshlaganmiz”, — deydi haykaltarosh. 1996-yili Samarqand va Shahrisabz shaharlarida Amir Temur haykallari o‘rnatiladi.

Ayni vaqtda, Ilhom Jabborov Toshkentdagi Amir Temur haykalini yasash jarayoni juda azobli kechganini, har safar haykalni ko‘rsa, chekkan azoblari esiga tushaverishini aytadi. “San’atlar ichida eng qiyini, bu — haykaltaroshlik. Haykal atrofini aylanib, kamchiliklari ustida ishlayverasiz, ishlayverasiz. Jarayon ko‘p vaqt talab qiladi. Amir Temur haykalini esa 45−50 kunda yasaganmiz, juda azob bo‘lgan. Deyarli uxlamasdik, oyoqlarimiz shishib ketgan. Kamol ikkimiz navbat bilan yarim soatdan uxlab, yana ishimizni davom ettirardik”, — deb eslaydi u.

Amir Temurning yuqori ko‘tarilgan o‘ng qo‘lini hozirgi holatga keltirish ayniqsa qiyin kechgan. “Qo‘lini unday qilsam ham, bunday qilsam ham hech o‘xshamasdi. Oxiri hozirgi varianti kelib chiqqan. Chap qo‘lida otning jilovini tortib, o‘ng qo‘lini ko‘kka ko‘tarib turishida ham o‘ziga xos ma’no bor. „Xalqim, men qaytib keldim, sizlarga tinchlik, omonlik tilayman, mustaqillikni boy bermanglar“, deb turgandek tasvirlangan”, — deya tushuntiradi u.

Foto: Ma’murjon Obrahmatov / “Gazeta.uz”Foto: Ma’murjon Obrahmatov / “Gazeta.uz”

Ayni vaqtda, u Amir Temur xiyoboni tarafdan o‘tmaslikka harakat qilishini aytdi (darvoqe, u avvalroq boshqa bir intervyusida o‘zi yasagan haykallari sabab Mustaqillik maydoniga bormaslikka harakat qilishini aytgan edi).

“O‘zingiz ham yaxshi bilasiz — ijodkorning hech qachon o‘z ishidan ko‘ngli to‘lmaydi, har ko‘rganida ishining kamchiliklari ko‘rinadi. Men ham Amir Temur xiyobonidan har o‘tganimda, „mana bu joyini shunday qilsam bo‘lardi“, degan fikr o‘tadi. Shu bois u tarafdan yurmaslikka intilaman”, — dedi u.

Ko‘rinishi bilan o‘z muallifining ko‘nglini biroz hijil qilsa-da, bugungi kunda ushbu haykal Toshkentning asosiy ramzlaridan biri ekaniga hech qanday shubha yo‘q.