22-yanvar kuni “Sog‘liqni saqlash sohasida islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-38-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan:

  • tibbiyot OTMlarining 200 nafar bitiruvchisi magistratura va klinik ordinatura dasturlari asosida yetakchi xorijiy OTMlar va markazlarda o‘qitiladi;
  • tibbiyot OTMlarining bitiruvchi kurs talabalarida oilaviy shifokor uchun talab etiladigan klinik ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida ko‘p tarmoqli tibbiyot tashkilotlarida ish haqi to‘lanadigan internatura tashkil etiladi;
  • Toshkent tibbiyot akademiyasining ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi;
  • tibbiyot yo‘nalishidagi OTM talabalarining bilimlari ikki bosqichli baholash tizimi asosida baholanadi.

Quyidagi magistrlik yo‘nalishlari joriy etiladi hamda har yili kamida 150 nafar mutaxassislarni davlat buyurtmasi asosida tayyorlash choralari ko‘riladi:

  • “Jamoat salomatligini tashkil etish va boshqarish” (Public Health and Healthcare Management);
  • “Jamoat salomatligi: epidemiologiya va ma’lumotlar tahlili” (Public Health: Epidemiology and data science/data analytics);
  • “Jamoat salomatligi: ovqatlanish” (Public Health: Nutrition);
  • “Profilaktik tibbiyot” (Preventive Medicine);
  • “Jismoniy faollik va reabilitatsiya” (Physical Activity and Rehabilitation).

Shuningdek, qarorga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasida davlat muassasasi shaklida “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi tashkil etiladi.

Loyiha ofisi quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda yangi mexanizmlarni joriy qilishga mas’ul etib belgilandi, jumladan:

  • davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini va davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketini to‘liq joriy etish;
  • tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligi ustidan nazorat tizimini takomillashtirish;
  • davlat xaridlari samarasi va shaffofligini oshirish, farmatsevtika sohasini isloh qilish;
  • sanitariya qoida va normalarini zamonaviy talablar asosida yangilash.

2024-yilda:

  • 40 ta sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi va xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi;
  • respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya, kardiologiya, endokrinologiya, dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, Bolalar milliy tibbiyot markazi hamda Milliy tibbiyot markazining faoliyatiga zamonaviy boshqaruv usullari va tibbiy yordam xavfsizligi va sifatining yuqori standartlari joriy etiladi hamda ular xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.