Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda maxsus iqtisodiy va sanoat zonalaridagi muammolar haqida gapirdi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda hududiy sanoatni rivojlantirish maqsadida 24 ta maxsus iqtisodiy zona tashkil etilgan. Ularga soddalashgan tartibda yer ajratiladi va soliq imtiyozlari beriladi.

“Lekin ayrim hudud rahbarlari buni suiiste’mol qilishga o‘tib oldi. Masalan, respublika bo‘yicha infratuzilmasi bor 800 gektar maxsus iqtisodiy zonalarning hududi bo‘sh turibdi. Lekin hokimlar sanoat zonalarini kengaytirish uchun o‘tgan yilning o‘zida 1600 gektar suvli yerlar toifasini o‘zgartirish bo‘yicha murojaat qilgan”, — dedi Shavkat Mirziyoyev. Uning so‘zlari “O‘zbekiston 24″ telekanalining “Menimcha” ko‘rsatuvida namoyish etildi.

Davlat rahbari “Namangan” EIZda 96 gektar, “G‘ijduvon” EIZda 77 gektar yer bo‘sh turganiga qaramay, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov hududni 65 gektarga, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov esa 70 gektarga kengaytirganini ta’kidladi.

“Shuning oqibatida o‘tgan yili 405 gektar yer yoki maxsus iqtisodiy zonalarda auksionga chiqarilgan yerlarning 59 foizida bitta ishtirokchi qatnashib, nominal qiymatda sotib olgan. Bundan keyin hokimlar zonalardagi barcha yerlarni to‘liq o‘zlashtirmay turib, uning maydonlarini kengaytirish bo‘yicha tashabbus bilan chiqishi qat’iyan man etiladi”, — dedi u.

2023-yilda sanoat zonalari infratuzilmasi uchun davlat budjetidan 1,3 trillion so‘m ajratilgan bo‘lsada, infratuzilmaga mas’ul korxonalar, xususan, “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi loyihalar bo‘yicha ishlarni o‘z vaqtida bajarmagani va moliyalashtirishdagi kechikishlar bois 400 milliard so‘m ishlatilmay qolgan.

“Bu qancha odam norizo degani, bu tadbirkorlar rejalarini amalga oshirmadi degani. Infratuzilmani hal qilib beramiz, degan va’dalarga ishonib yer olgan tadbirkorlar ertaga bizga ishonmay qoladi”, — dedi u.

2024-yilda infratuzilma uchun yana 1,5 trillion so‘m ajratilgan. Prezident energetika korxonalari rahbarlari va hokimlarning qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarini qattiq ogohlantirib, 1-martga qadar loyiha hujjatlarini yakunlab, moliyalashtirishni ochib, ishlarni 1-sentabrgacha yakunlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Shavkat Mirziyoyev sanoat zonalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi tajriba o‘tkazilishini ma’lum qildi. Xususan, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlaridagi maxsus sanoat zonalarining 240 gektar maydoni kompaniyalariga autsorsing asosida boshqaruvga beriladi.

2024-yilda 18 mlrd dollarlik 309 ta yirik loyihani ishga tushirish, 40 ming ish o‘rni yaratish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan.

Qonunchilikka ko‘ra, hokimlar EIZni tashkil etish, faoliyat yuritish muddatini uzaytirish, chegaralarini o‘zgartirish yoki muddatidan oldin tugatish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi mumkin. Vazirlar Mahkamasi ushbu taklifni kelib tushgan kundan e’tiboran 30 kun ichida ko‘rib chiqadi va ma’qullangan taqdirda Prezident administratsiyasiga taklif kiritadi.