Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farxod Boqiyev O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamovga aholiga transport xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha ishlar holati yuzasidan senator so‘rovi yubordi.

Senator so‘rovida qayd etilishicha, aholi sonining muntazam ortib borayotganligi tufayli jamoat transportiga qo‘yilgan talab kuchaygan, biroq ba’zi jamoat transportlarida xizmat ko‘rsatish sifati pastligicha qolyapti, xususan, hududlarda jamoat transporti vositalari soni yetarli emas va belgilangan harakat jadvallariga rioya etilmaydi, bu esa muammolarni yanada ko‘paytirmoqda.

“Ayniqsa, keksalar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar, davlat xizmatchilarining jamoat transportlarida yaratilgan sharoitlardan noroziligi, ayrim haydovchilarda muomala madaniyatining yetarli emasligi va yo‘l harakati qoidalariga rioya etmayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, mutasaddi tashkilotlarga murojaatlar sonining ortishiga olib kelmoqda”, — dedi senator.

Ma’lumotlarga ko‘ra birgina 2023-yilda transport xizmatlari ko‘rsatishdagi kamchiliklar bo‘yicha aholi tomonidan O‘zbekiston iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga 300 dan ortiq murojaat kelib tushgan.

Senatorning qayd etishicha, ayrim transport vositalarining eskirgani va texnik holatining talabga javob bermasligi harakat paytida baxtsiz hodisalarning ro‘y berishi ehtimolini oshiryapti. Shu bilan birga, atrof-muhitning ifloslanishi ortib tirbandliklar kun sayin dolzarb muammoga aylanmoqda.

Yo‘lovchi tashuvchi jamoat transportlari, avtoshohbekatlarda nogironligi bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun avtotransport vositalariga chiqish uchun maxsus moslamalarni o‘rnatish ishlariga yetarli e’tibor berilmayapti.

“Masalaning yana bir e’tirozli jihati, O‘zbekiston prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-59-sonli qarorida avtobus yo‘lkira haqi tushumlari vakolatli davlat organi tasarrufiga o‘tkazilgan holda tashuvchilar uchun yo‘lkira haqini kunlik yig‘ish reja-topshirig‘ini belgilash amaliyotidan voz kechilishi belgilangan bo‘lsa-da, ushbu amaliyot hali to‘liq joriy etilmagan”, — dedi senator.

“Qayd etish lozim, bugungi kunda xizmat safarlari, bayramlar munosabati bilan sayohat va ziyoratlar uyushtirish yoki talabalarning o‘z uylariga borib-kelishlari uchun shaharlararo jamoat transportining ahamiyati katta hisoblanadi. Biroq, aksariyat hollarda talab yuqori bo‘lgan shaharlararo jamoat transportlariga (masalan, tezyurar poyezdlarga) chipta olish bilan bog‘liq muammolar e’tirozli muhokamalarni keltirib chiqarmoqda”.

Yuqoridagilarni inobatga olib, senator vazirdan:

  • aholining yuqori sifatli va qulay yo‘lovchi tashish xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qondirish, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari mavjud bo‘lgan amaldagi avtobus bekatlarida yo‘lovchilar, shu jumladan, aholining imkoniyati cheklangan guruhlari uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish;
  • jamoat transporti korxonalari faoliyatini moliyalashtirish ishlari hamda sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish, yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar tomonidan elektromobillar xarid qilinishini rag‘batlantirish;
  • yo‘nalishsiz taksi faoliyatini tartibga solish, harakat xavfsizligi va sifati talablariga rioya etilayotgani, hududlardagi jamoat transportlari uchun yaratilgan sharoitlar, transport vositalarining texnik holati belgilangan talablarga javob berishligi;
  • kunlik yo‘lkira haqi reja-topshirig‘ini bekor qilish;
  • respublikaning barcha shahar va tumanlarida transport xizmati sifatini yaxshilash va hududlarda ham ekologik toza avtotransport vositalaridan foydalanish amaliyotini kengaytirish;
  • shaharlararo jamoat transportlari qatnovini yaxshilash, chiptalar sotilishi va soha shaffofligida o‘z yechimini kutayotgan va korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish;
  • nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun jamoat transportlari, avtoshohbekatlar, metropolitenlarda qulayliklar yaratish;
  • hududlarda, ayniqsa, Toshkent shahridagi bekatlarni tadbirkorlarga reklama va bankomat xizmatlarini tashkil qilish uchun vaqtinchalik foydalanishga berish;
  • aholiga jamoat transporti xizmatlari ko‘rsatish, sifatini oshirish va muammoli masalalarni hal etish borasida Transport vazirligi tomonidan ko‘rilayotgan (yoki kelgusida amalga oshiriladigan) choralar haqida ma’lumotlar, shuningdek, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirishga oid tegishli takliflarni 15 kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etishinni so‘radi.