Toshkentdagi “Sharq” nashriyot-matbaa korxonasi binolarining — ular orasida arxitektor Richard Bleze tomonidan qurilgan, hozirda O‘zA agentligi joylashgan, kuranti bor 16 qavatli mashhur bino ham bor — sotuvga qo‘yilishi haqidagi xabar jamoatchilikda ko‘plab savollar keltirib chiqardi. Madaniy meros agentligi inshootlar Moddiy madaniy meros obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgani bois, ularni xususiylashtirib bo‘lmasligini ma’lum qildi. Arxitektura tarixchisi, Alerte Héritage xalqaro observatoriyasi prezidenti Boris Chuxovich “Gazeta.uz” uchun yozgan maqolasida bu osmono‘par binoning ahamiyati va uni nega saqlab qolish kerakligi haqida mulohaza yuritdi.

“Sharq” nashriyoti binosi bilan bog‘liq vaziyat paradoksal va uni himoya qilishning eng yaxshi strategiyasini tanlab olish uchun mutaxassislar va jamoatchilik uni nega himoya qilish kerakligini ochiq-oydin anglab olishi kerak. Men uzoq tanaffusdan so‘ng Toshkentga 2021-yili kelgandim, shu vaqtgacha men nashriyot binosi shahardagi eng yaxshi saqlab qolingan modernistik binolardan biri deb hisoblardim. Ammo binodagi izchil o‘rganishlar aksincha natija berdi.

Original fasad 10 yilcha avvalgi rekonstruksiya ishlari vaqtida to‘liq yo‘qotilgan. Muammo devorlardagi G‘ozg‘on marmari o‘rniga alyukobond va keramik plitkalar qoplab chiqilganida ham emas. O‘zgarishlar bino o‘lchamiga ham ta’sir qilgan, chunki alyukobondlar arxitektor Richard Bleze tomonidan nazarda tutilmagan ulama konstruksiyalarga qotirib chiqilgan. Eng sezilarli o‘zgarishlar soat o‘rnatilgan lift blokida yuz bergan — binoning eski va yangi talqinini taqqoslab ko‘rgan istalgan odam bugungi manzara 1974-yilgi nafis inshoot oldida naqadar og‘ir va qo‘pol ekanini his qiladi.

Hali ham bo‘lsa, bugun bino fasadida eski binoga mansub ikkita autentik unsurni ko‘rish mumkin: binoning shimoliy va shimoli-g‘arbiy tarafidagi yarim aylana tayanchli balkonlar va me’moriy san’at asari sifatida qabul qilish lozim bo‘lgan yuqori antenna (ekran).

Bleze tomonidan “teletayp antennasi” sifatida ko‘zda tutilgan bu uskunaning uzoq yillar hech qanday texnik yuklamasi bo‘lmagan, ammo u yangi texnologiyalar va kelajakka intilish ramzi bo‘lib kelgan.

boris chuxovich, madaniy meros, sharq nashriyoti

Bino fasadi Karimov davridayoq, mamlakatda modernistik inshootlarni durust restavratsiya qila oladigan mutaxassislar bo‘lmagan vaqtlarda rekonstruksiya qilingan edi. Ayni vaqtda, o‘sha vaqtda bu ishlar haqiqatan ham zarurat edi. Harbiy quruvchilar bunyod etgan “O‘zbekiston” mehmonxonasi va Lenin muzeyidan (hozirgi O‘zbekiston davlat tarix muzeyi, u qisman asosiy suratda ham ko‘rinib turibdi — tahr.) farqli o‘laroq, sifatsiz qurilgani uchun devorning marmar qoplamasa vaqt o‘tishi bilan ishdan chiqib, sinishni boshlagan edi, bu holat binoni estetik jihatdan ko‘rimsiz va, eng asosiysi, aholi uchun xavfli qilib qo‘ygandi.

Binoning original intererlari ham fasadidan ko‘ra yaxshiroq saqlab qolinmagan. Binoning birinchi va 16-qavatlari avvalboshdan izchil va misli ko‘rilmagan darajada ishlangan edi. Hamkasbim Yekaterina Golovatyuk (arxitektor, Milandagi GRACE byurosi asoschilaridan biri — tahr.) birinchi qavat loyihasini g‘oya va grafik ijro nuqtai nazaridan eng mukammal deb hisoblaydi, uning bu fikriga men ham qo‘shilaman. Biroq bugun dastlabki ko‘rinishdan ko‘p narsa qolmagan. Arxitektor tomonidan ochiq makonda 50 va 200 o‘rinli zal, shuningdek, bufet va jurnalistlar bilan muloqot uchun rekreatsiya joylari ko‘zda tutilgan 16-qavatda esa hozir quruq konstruksiyalardan bo‘lak boshqa hech vaqo yo‘q.

2021-yili standart qavatlar ham faol rekonstruksiya qilingan: ularning ba’zilari to‘liq destruksiyaga uchragan, boshqalari shunday taqdirni kutib yotibdi. Binoni ko‘zdan kechirish davomida vertikal blokdagi kvadrat marmar zinalargina menga dastlab yosh arxitektor, keyinchalik San’atshunoslik instituti aspiranti sifatida yettinchi qavatdagi “O‘zbekiston arxitekturasi va qurilishi” jurnaliga o‘zimning ilk maqolalarimni olib borgan vaqtlarni eslatdi, xolos.

Buyuk Turon ko‘chasi bo‘yida turgan hozirgi bino hech qanaqasiga 1970-yillar boshiga mansub arxitektura yodgorligi emas. Unda nima bu va nega biz uni saqlab qolishimiz kerak?

Bu vaziyatda gap ramz (“ikona”) haqida ketayapti, degan bo‘lardim — bunda ommaviy madaniyatda tushuniladigan “uslub ramzi” va hokazolar nazarda tutilmayapti, aksincha, amerikalik faylasuf va semiotika asoschilaridan biri hisoblangan Charlz Pirs nazarda tutgan ramz ifodalanyapti. Pirsga ko‘ra, ramz tashqaridan bir narsani ko‘rsatgani bilan, aslida o‘zi o‘sha ko‘rsatgan narsasidek emas. Masalan, Bibi Maryamning ikonalardagi qiyofasi bilan ilohiy kitoblardagi ta’rifi o‘rtasida o‘xshashlik bor, vaholanki, suratda tasvirlangan kishi Maryamning o‘zi emasligini dindorlar ham yaxshi anglaydi.

Bugungi bino ham xuddi shunday xususiyatlarga ega. Bu nashriyotning 1974-yilgi original binosi emas, ammo u ko‘plab parametrlar (hajmi, kompozitsiyasi, qiyofasi) bo‘yicha mos keladi va ayrim dastlabki detallarini hali ham o‘zgarmasdan saqlab turibdi.

Mavjud inshootning yana bir o‘ziga xosligi — unda amalga oshirilgan o‘zgarishlarni ortga qaytarsa bo‘ladi. Istak bo‘lsa, arxitektorlar zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda, bino fasadining Bleze loyihalaridagi o‘lchamlariga qayta oladilar. Original intererlarni qayta tiklashning ehtimoli esa menga kamdek ko‘rinyapti, chunki arxitektorlar ko‘p jihatdan binoning funksional vazifalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqishlari kerak.

boris chuxovich, madaniy meros, sharq nashriyoti

Shahar kamida ikki sababga ko‘ra bu binoni saqlab qolishi kerak. Birinchidan, bu inshoot toshkentliklar umumiy xotirasining eng yirik sinchlaridan biri hisoblanadi. Men mazkur yodgorlik bo‘yicha o‘tkazgan tadqiqotimda Richard Bleze bino joylashgan joyning o‘ziga xosliklarini naqadar nozik hisobga olgani va uni nafaqat shahar bosh maydoni uchun, balki Buyuk Turon, shuningdek, Teatr maydoni va Islom Karimov ko‘chasi uchun ham “ishlash"ga majbur qila olganini batafsil ko‘rsatib berishga harakat qilgandim.

Agar bino buziladigan yoki butunlay qayta quriladigan bo‘lsa, poytaxt markazi qiyofasida yana bir siniq tish paydo bo‘ladi va uning o‘rniga tushadigan oltinrang qoplama ham vaziyatni o‘nglay olmaydi.

Ikkinchidan, binoning buzilishi nashriyot bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan boshqa bir modernizm yodgorligi — Tarix muzeyini ham bilvosita vayron qiladi. O‘zbekiston san’ati va madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida “Garaj” zamonaviy san’at muzeyi tomonidan nashrga tayyorlanayotgan arxitektura tarixchisi Olga Kazakova bilan birgalikda o‘tkazgan tadqiqotim davomida men, xususan, Lenin muzeyi (hozirgi Tarix muzeyi) mualliflari jamoasi a’zolari nashriyot binosi loyihasi muhokamalarida ishtirok etganini tasdiqlovchi hujjatni topdim, chunki bu ikki binoning bir-biriga to‘liq hamohangligini ta’minlash zarurati bo‘lgan. Shu tariqa, bugun bir binoni vayron qilmay turib, boshqasini buzib bo‘lmaydi. Bu xuddi Venetsiyadagi Dojlar maydoni qiyofasiga ta’sir qilmaydi deya kimdir Avliyo Mark cherkovini qayta qurishga urinishidek gap.

Shu tariqa, arxitektorlar oldida binoning umumiy yechimlari va imkon qadar original detallarini saqlab qolgan holda, uning vazifalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqishdek anchayin murakkab yechimlarni izlab topishdek vazifa turibdi. Nafaqat bosh binoning, balki nashriyotning Buyuk Turon ko‘chasiga chiqadigan gorizontal korpusi konturlari va qiyofasini ham saqlab qolish zarur — bu korpus qavatlari sonining oshirilishi shu kungacha saqlab kelingan me’moriy obidaning muhim jihatlari yo‘qotilishiga olib keladi.

Bu ishni amalga oshirish chog‘ida shuni ham unutmaslik kerakki, 1981-yili o‘tkazilgan so‘rovda Toshkentdagi barcha loyiha institutlarining arxitektorlari nashriyot binosini Panorama kinoteatridan keyin Toshkentdagi eng muhim ikkinchi inshoot deb ko‘rsatgan, Tashgiprogor me’morlari esa uni birinchi o‘ringa qo‘ygan edi.

Shahar rasmiylari oldida nozik bir masala turibdi. Bu masala aql bilan hal qilinmas ekan, u holda bu rasmiylar o‘z o‘rinlariga noloyiq sharmandalardek ko‘rinib qoladi.