Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov “Kabar” agentligiga bergan intervyusida mamlakat tashqi qarzi, Qambarota-1 GES qurilishi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li, suv muammosi va boshqalar haqida gapirdi.

— Yangi yil oldidan tashqi qarzimiz oshgani haqida fikrlar yangradi.Tashvishlanish uchun sabab mavjudmi? Biz qarz olyapmizmi? Ha bo‘lsa, qanday maqsadlarda?

— Bundan bu yog‘iga tashqi qarz haqida tashvishlanishga hojat yo‘q. Hech qanday tahdid yo‘q. Birinchidan, ilgari olingan kreditlar o‘zini qoplaydigan loyihalar uchun ishlatilmagan.

Soddaroq qilib aytganda pullar “qumga singib ketgan”. “Shimol-Janub” muqobil yo‘li, “Datka-Kemin” va IES uchun olingan so‘nggi kreditlar to‘g‘ri maqsadda jalb qilingandi. Bizga bu loyihalar kerak edi, lekin ular bizga ikki barobar qimmatga tushdi. Nazorat juda yomon edi va o‘g‘irliklar bo‘ldi.

Bu loyihalar xarajatlarning yarmi evaziga yakunlanishi va ularning o‘zini qoplash muddati qisqaroq bo‘lishi mumkin edi. Hozirda qarzlarni so‘ndirish muddati keldi va biz ularni to‘lashni boshladik.

2035-yilga borib biz ilgari yuzaga kelgan qarzlarni so‘ndiramiz. Ayrim fuqarolarimiz bizni quyidagi fikrlar bilan tanqid qiladi: “Qarzni ikki-uch yilda to‘layman degan edingiz, nega to‘lamadingiz?” Biz barcha zaxiralarimizni to‘plab, qarzlarni to‘lay olamiz. Bunga davlatimizning kuchi yetadi. Ilgari boshqacha edi. Siz buni yaxshi bilasiz.

Ammo kredit olishdagi shartnoma quyidagicha shartlarni o‘z ichiga oladi: “Agar siz qarzni muddatidan oldin to‘lashni istasangiz, foiz stavkasi balandroq bo‘ladi”. Bu biz uchun foydali emas — asossiz xarajatlar. Shuning uchun biz qarzni grafik bo‘yicha to‘laymiz. Bunda hech qanday risk yo‘q, chunki budjetimiz necha baravar oshganini ko‘rib turibsiz. Darhaqiqat, avvallari budjetimiz zaif bo‘lgani uchun tashqi qarzimizni to‘lay olmaslik riski mavjud edi.

Ikkinchidan, biz qaysi loyiha, qanday sharoitda va qachon o‘zini-o‘zi qoplash darajasiga chiqishini aniq hisoblab chiqdik. Hozirda biz yetti o‘lchab, bir kesish prinsipida ishlayapmiz.

Birgina misol keltiraman. Qambarota-1 GES qurilishi uchun kredit olishga tayyormiz. Tez orada mablag‘ni olamiz. GES qurib bitkazilsa, 12−13 yilda xarajatlarini qoplaydi. Shundan so‘ng u ham To‘xtagul GES kabi uzoq yillar davlatga foyda keltiradi.

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li esa o‘ylab ko‘rishga majbur qiladi. Summa juda katta. Bu loyiha 35−40 yil ichida xarajatlarini qoplaydi. Ammo davlatimiz boshi berk ko‘chadan tranzit mamlakatga aylanadi. Yo‘l qirg‘iz xalqiga, yurtimizga umrbod xizmat qiladi. Biz bu loyihani tashqi qarz evaziga emas, balki boshqacha yo‘l bilan amalga oshirishni ko‘rib chiqyapmiz. Xudo xohlasa, tez orada bu masalani hal qilib, qurilish ishlarini boshlaymiz. Boshqa loyihalar bo‘yicha olingan qarzlar haqida tashvishlanishga hojat yo‘q. Hozirgi har bir joriy loyiha davlat budjetiga ta’sir qilmasdan o‘z xarajatlarini qoplaydigan loyiha hisoblanadi.

Ilgari olingan qarzlar sodda qilib aytganda “qumga singib ketgandi”. Ular yo o‘z xarajatlarini qoplamadi, yoki davlatga foyda keltirmadi. Biz boshqa bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Amalga oshirishni boshlashdan oldin barcha hisob-kitoblarni amalga oshiramiz. Biz qisqa muddatlik istiqbolda o‘z xarajatlarini qoplamaydigan loyihalarni ma’qullamaymiz. Shuning uchun tashvishlanish uchun hech qanday sabab yo‘q. Bu mavzuni boshqa ko‘tarmasangiz ham bo‘ladi. Siyosiylashtirish kerak emas.

— So‘nggi yillarda sug‘orish uchun suv tanqisligi nafaqat bizning mamlakatimizda, balki qo‘shni mamlakatlarda ham sezilmoqda. Bu muammoni hal qilish uchun joriy yilda kunlik va dekadalik boshqariluvchi basseynlar quriladi, dedingiz. Ular qaysi hududlarda qurilmoqda? Ma’lumki, bizdan tushib borayotgan suvdan qo‘shni davlatlar sug‘orish maqsadida foydalanadi. “Suvimiz kam bo‘lsa, nima uchun qo‘shnilarga suv berishni to‘xtatmaymiz”, deyayotganlar ham bor. Agar biz kunlik va dekadalik boshqariluvchi basseynlarda suv yig‘adigan bo‘lsak, oqim pastida yashovchilar uchun sug‘orish suvi yetarli bo‘ladimi?

— Kunlik va dekadalik boshqariluvchi basseynlarga haqida gaplashsak, ilgari qurilgan basseynlar tozalanmagan. Suv yetarli darajada yig‘ilmagani uchun dehqonlar sug‘orish mavsumida suv tanqisligini boshdan kechirdi. Bu yil biz ularning barchasini tozalaymiz.

Bundan tashqari, men butun mamlakat bo‘ylab yangi kunlik va dekadalik boshqariluvchi basseynlar qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdim. Ular birinchi navbatda quyi oqimdagi qo‘shnilarimiz uchun foydalidir, chunki sug‘orish mavsumida suv bilan bog‘liq kelishmovchiliklar yuzaga keladi.

Agar qishda kunlik va dekadalik boshqariluvchi basseynlarda qorlar erishidan tushadigan suvni yig‘adigan bo‘lsak, bahorda daryo suvi to‘lig‘icha qo‘shnilarimizga oqadi. Ya’ni, ular hatto avvalgidan ham ko‘proq suv oladi. Sug‘orish mavsumida fermerlarimiz kunlik va dekadalik boshqariluvchi basseynlar suvlaridan, qo‘shnilarimiz esa oqar suvdan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Yaqinda siz Bishkekni qanday suv bosganini ko‘rdingiz. Yuqorida kunlik tartibga solinuvchi basseynlar yo‘qligi sababli suv shaharga oqib, ko‘chalarni suv bosishiga olib keladi. Agar kunlik va dekadalik boshqariluvchi basseynlar bo‘lganida, bu suvlarni saqlanib qolish mumkin edi. Bu mamlakatimizning barcha hududlarida sodir bo‘ladi. Agar qishda suv zaxirasini yig‘ib olsak, qo‘shnilarimizga ham suv bemalol yetgan bo‘lardi.

Biz qishda befoyda oqib ketayotgan suvlardan keyinchalik nizolar kelib chiqmasligi uchun samarali foydalanishga harakat qilamiz. Qo‘shnilarimizga qancha suv kerak bo‘lsa, shuncha suv beramiz. Shunday bo‘ladi.

Sizga bitta misol keltiraman. Qambarota-1 GESni qurishni boshladik. Qo‘shnilar bu GESdan suv resurslari ko‘rinishida foyda oladi. Biz faqat elektr energiyasi ko‘rinishida foyda olamiz.

Bizning Norin daryosi suvining atigi 1 foizidan sug‘orish va ichimlik suvi sifatida foydalanamiz. Suvning 99 foizi O‘zbekiston va Qozog‘istonga tushadi. Qambarota-1 GES qurib bitkazilgach, biz undan qishda elektr energiyasi ishlab chiqarishda foydalanib, sug‘orish mavsumida qo‘shnilarimizga To‘xtagul GESida to‘plangan suvni yetarli miqdorda berish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Hozirda qishda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun To‘xtagul GESidan foydalanib, yozda uni to‘xtatishga majbur bo‘lyapmiz. Agar kelasi qish uchun suvni saqlab qolmasak, elektr energiyasiz qolamiz. Bu muammolarni hal qilish ustida ishlayapmiz.

Biz faqat o‘zimiz haqimizda emas, balki qo‘shnilarimiz haqida ham o‘ylaymiz, chunki qo‘shnichiligimiz abadiy va umumiy muammolarni haqida birgalikda bosh qotirishimiz lozim. Oqim manbaida turibmiz va suv bermaymiz, deb bahslashish — bema’nilik. Biz hammamiz qardosh xalqmiz, abadiy qo‘shnimiz va ko‘p jihatdan bir-birimizga bog‘liqmiz. Hamma narsani sanab o‘tmayman, buni odamlarning o‘zi yaxshi biladi.