Hindistonning Haryana shtati Sonipat shahridagi dam olish maskanlaridan birida o‘zbekistonlik ayolning jasadi topilgani haqidagi ma’lumot o‘z tasdig‘ini topdi, deb xabar qilmoqda Dunyo axborot agentligi.

Holat yuzasidan O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi Sonipat shahri politsiyasi bilan aloqaga chiqqan va voqeani joyida o‘rganish maqsadida ushbu shaharga safar uyushtirgan.

Mahalliy huquq-tartibot idoralari bilan amalga oshirilgan harakatlar natijasida marhuma farg‘onalik M.A. ismli 32 yoshli ayol ekani aniqlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik ayol va ikkinchi nobud bo‘lgan shaxs is gazidan zaharlangani taxmin qilinmoqda. Hodisa sabablariga aniqlik kiritish bo‘yicha tezkor surishtiruv va tibbiy ekspertiza ishlari davom ettirilmoqda.

“Diplomatiya missiyasi mazkur hodisa bo‘yicha tergov-surishtiruv jarayonini nazoratga olgan. Marhumaning yaqin qarindoshlari bu haqda xabardor qilingan. Shuningdek, zarur bo‘lgan barcha konsullik-huquqiy amaliyotlar bajarilib, marhumaning jasadini qisqa vaqt ichida O‘zbekistonga jo‘natish choralari ko‘rilmoqda”, — deyiladi xabarda.