O‘zgidromet xizmati agentligi matbuot xizmati 22−26-yanvar kunlari kutilayotgan ob-havo ma’lumotlarini e’lon qildi.

Dushanba kuni O‘zbekiston hududiga Turkmaniston hududidan iliq havo massalari kirib kelishi boshlanadi, respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kunduzi +9…+12 daraja iliqqacha isiydi.

23−24-yanvar kunlari iliq havo kirib kelishi davom etadi, respublika hududining katta qismida quyoshli va ochiq havo kuzatiladi.

24-yanvarda respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlariga Volgabo‘yi hududlaridan nam va sovuq havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Respublika hududining katta qismida 23−24-yanvar kunlari harorat kechalari +2…+5 daraja iliqqacha, kunduz kunlari +12…+15 daraja iliqqacha ko‘tariladi, shimoliy hududlarda esa 24-yanvarda kunduzgi harorat −2…−7 daraja sovuqqacha pasayadi.

25-yanvarda nam va sovuq havo massalari mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi, respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Harorat kunduzi +4…+9 daraja iliqqacha pasayadi, shimoliy hududlarda kechasi −6…−11 daraja sovuqni tashkil etadi, kunduzi −2…−7 daraja sovuqdan oshmaydi.

26-yanvarda respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimoli saqlanib turadi, shimoli-g‘arbiy hududlarda esa yog‘ingarchilik to‘xtaydi. Harorat kechasi 2 daraja sovuq-3 daraja iliq, kunduzi +3…+8 daraja iliq, shimolda kechasi −6…−11 daraja sovuq, kunduzi 0…−5 daraja sovuq atrofida bo‘ladi.

Poytaxtda dushanbada quyoshli va ochiq havo bo‘lishi kuzatiladi. Sharqiy yo‘nalishdagi shamol 3−8 m/s tezlikda esadi. Havo harorati kunduzi +10…+12 daraja iliqni tashkil etadi.

23−24-yanvar kunlari poytaxtda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Ertaga kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Sharqiy yo‘nalishdagi shamol tezligi 3−8 m/s bo‘ladi. Havo harorati 23-yanvarda kechasi 0…+2 daraja iliq atrofida bo‘ladi, 24-yanvarda kechasi +3…+5 daraja iliqqacha ko‘tariladi, kunduzi 23−24-yanvarda harorat +12…+14 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

25-yanvarda poytaxtda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 5−10 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi +5…+7 daraja iliqqacha ko‘tariladi, kunduzi +7…+9 daraja iliqqacha pasayadi.