Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahrining Chilonzor, Sergeli va Yangihayot tumanlarida ekologik monitoring o‘tkazdi. Vazirlik xabariga ko‘ra, bunda atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib borayotgani tufayli atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi korxonalar faoliyati o‘rganildi va jami 160 ta korxonaga ogohlantirish xatlari berildi.

Chilonzor tumanidagi atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning 1- va 2-toifasiga mansub, beton, un mahsulotlari, keramika va kafel, mato-gazlama va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradigan 70 ta korxonaga, Sergeli tumanida 68 ta korxonaga chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish to‘g‘risida ogohlantirish xatlari yetkazildi.

Shuningdek, Yangihayot tumanida 22 ta korxona tozalovchi uskunalar o‘rnatish to‘g‘risida ogohlantirish oldi.

Keltirilishicha, 12-yanvar holatiga Toshkent shahrida joylashgan 42 ta korxona chora-tadbirlar rejasi taqdim etdi. Shundan atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha 75 ta tadbir belgilandi.

Mazkur chora-tadbirlar bajarilishi yuzasidan har chorakda korxonalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berib boriladi, deyiladi xabarda.