Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatida 18-yanvardan 19-yanvarga o‘tar kechasi yotoqxonada yashovchi 120 nafar o‘quvchidan 32 nafarinda ko‘ngil aynishi, oshqozonda va qorinda og‘riq kuzatilgan. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan ma’lumotni shanba kuni O‘zbekiston Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tasdiqladi.

Holat bo‘yicha maktab-internat hamshirasi birinchi yordam ko‘rsatgan, qo‘shimcha yordam uchun tez yordam xodimlarining ko‘rsatmasiga ko‘ra tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Ma’lumot o‘rnida maktab-internat oshxonasida autsorsing asosida “Azizbek Omad uchquni” MCHJ faoliyat olib boradi.

2024-yilning 19-yanvar kuni Sariosiyo tuman Sanitariya va epidimalogiya osoyishtalik markazi tomonidan maktab-internat oshxonasining sanitariya holati to‘liq o‘rganilib, 18-yanvar kuni o‘quvchilarga berilgan nonushta, tushlik va kechki ovqat namunalari tahlil uchun olindi.

“Hozirda barcha o‘quvchilarning sog‘ligi yaxshi, dars jarayonlarda faol ishtirok etishmoqda. Shuni alohida ta’kidlaymizki, vaziyat IIB, SES hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan nazoratga olingan”, — deyiladi agentlik xabarida.

Maktab-internatida 402 nafar o‘quvchiga 37 nafar o‘qituvchi, 8 nafar tarbiyachi ta’lim-tarbiya berib keladi.