O‘zbekiston ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248-moddasi talablarini buzgan shaxslarni javobgarlikka tortish vakolati berilishi ko‘zda tutilgan qonun Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Hukumatining tegishli qarorlari bilan ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalarida voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etilgan.

Senator, Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Kadirxonovaning ta’kidlashicha, tahlillarga ko‘ra ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarida zarur vakolatlar mavjud emasligi voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning davlat tomonidan himoya qilinishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida himoya orderi talablarining bajarilishini nazorat qilish yuzasidan ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarining mas’uliyatini kuchaytirish talab etiladi.

Mazkur Qonun bilan ikkita muhim yangilik nazarda tutilmoqda.

Birinchi, voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarga:

  • voyaga yetmaganlarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaganligi uchun ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasining 1-qismi);
  • ta’lim muassasalari hududi va uning atrofida o‘quvchilar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni oldini olish va maktablarda jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish hamda belgilangan tartibda jazo chorasini qo‘llash (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 56−1, 183, 187-moddasi 1-qismi);
  • voyaga yetmaganlarni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga (spirtli ichimliklarni, giyohvandlik vositalari yoki odamning aql-idrokiga, irodasiga ta’sir qiladigan moddalarni iste’mol etishga) jalb qilgan shaxslarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-moddasi) vakolatini berish.

Ikkinchi, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarga himoya orderi talablarini bajarmaslik uchun nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnoma tuzish (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 206−1-moddasi) vakolatini berish.

“Mazkur normalar, ichki ishlar organlarining tegishli bo‘linmalari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Huquqni qo‘llash amaliyotida, ayniqsa, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki shunga moyil bo‘lgan shaxslar bilan ishlashda mas’ul xodimlardan bilim va malaka talab etiladi”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.