Murat Rinatovich Mirzayev Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori lavozimidan ozod etiladi. Prezident 18-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bu bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Mirzayev 1974-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2023-yil martidan buyon mazkur lavozimda ishlab kelayotgandi.

Videoselektorda u rahbarlik qilayotgan agentlik faqat forumlar o‘tkazish bilan cheklanib qolgani tanqid qilindi. Tashkilotning tumanlar kesimida investitsion xaritasi yo‘q ekani qayd etildi.

Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevga har bir hudud va tarmoqdagi o‘tgan yilgi qoloqliklarni hisobga olgan holda yangilangan investitsiya dasturini kiritish topshirildi.

Investitsiya vazirining 3 ta o‘rinbosari xorijiy investitsiya ko‘p talab qiladigan tarmoqlarga, sog‘liqni saqlash va transport sohalariga investitsiya jalb qilish uchun mas’ul etib biriktirildi.

Yig‘ilishda kompleks rahbariyati, tarmoq va hududlar rahbarlari 38 milliard dollarlik, bunga qo‘shimcha Energetika vazirligi 15 milliard dollar investitsiya jalb qilish bo‘yicha rejalarini bayon qildi.

Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi haqida

Agentlik 2019-yil 28-yanvardagi prezident qaroriga ko‘ra tashkil etilgan. Uning vazifalari quyidagilardan iborat:

  • respublika iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan, davlatning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik manfaatlarini hisobga olgan holda xorijiy investorlarga qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshirishda qatnashish;
  • xorijiy investorlarga axborot, huquqiy va boshqa ko‘mak, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy tadbirkorlar bilan investitsion faoliyat sohasida o‘zaro hamkorlikni tashkil etishga ko‘maklashish;
  • xorijiy investitsiyalar ishtirokida istiqbolli va amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari to‘g‘risida ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish, ularning amalga oshirilish holati monitoringini olib borish;
  • xorijiy ishbilarmon doiralar, shu jumladan, OAV orqali xorijiy investorlarga yaratilgan qulay shart-sharoitlar, kafolatlar, imtiyozlar va preferentsiyalar haqida ma’lumot berish orqali respublikaning iqtisodiy, resurs va investitsiyaviy salohiyatini keng targ‘ib qilish va targ‘ib qilishni tashkil etish;
  • O‘zbekiston Respublikasining ijobiy xalqaro imidjini shakllantirish va saqlashda har tomonlama yordam ko‘rsatish.