17-yanvar kuni soat 09:45da Fly Khiva mahalliy aviakompaniyasining birinchi samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. ICE8996 reysi Toshkentga Islandiya poytaxti Reykyavikdan yetib keldi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Boeing 767−304 yuk samolyoti aviakompaniya parkidagi birinchi samolyot bo‘ldi. Kompaniya vakillari yaqin kelajakda samolyotlar parkini xuddi shu turdagi samolyotlar bilan to‘ldirish rejalari haqida ma’lum qildi.

Aviakompaniya Dubay (BAA), Istanbul (Turkiya), Dehli (Hindiston) va Gonkongga (Xitoy) yuk reyslarini amalga oshirishni rejalashtirgan.

Ma’lumot uchun, Fly Khiva — Urganchda joylashgan mahalliy aviakompaniya bo‘lib, Fly Khiva Group tarkibiga kiradi. Aviatashuvchi fuqarolik, yuk va biznes aviatsiyasini rivojlantirish maqsadida 2021-yilda tashkil topgan.