2023-yilda Xitoy aholisi 2,08 million kishi yoki 0,15 foizga qisqardi va hozirda 1,409 milliard kishini tashkil etmoqda, deb yozmoqda Reuters XXR Davlat statistika boshqarmasiga tayanib.

Natijaga COVID-19 sababli o‘lim darajasining ortgani va tug‘ilishning pastligi ta’sir ko‘rsatdi, deya ta’kidladi agentlik. Mamlakatda ketma-ket ikkinchi yil aholi sonining qisqarishi kuzatilmoqda. 2022-yilda 1961-yildan beri birinchi marta qisqarish qayd etilgandi.

O‘tgan yili o‘limlar soni 6,6 foizga o‘sib, 11,1 million kishiga yetgan. Bu madaniy inqilob davridagi 1974-yildan keyingi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Shu bilan birga, tug‘ilish darajasi 5,7 foizga kamayib, 9,02 million kishini tashkil etgan.

The Guardian`ning yozishicha, Xitoy hukumati ushbu “demografik vaqtli bomba” iqtisodiyotga qanday ta’sir qilishi mumkinligidan xavfsiramoqda — mehnatra yaroqli soliq to‘lovchilar soni kamayadi, keksa aholini qo‘llab-quvvatlash xarajatlari esa oshadi.

XXR Davlat fanlar akademiyasi 2035-yilga borib mamlakat pensiya tizimi hozirgi shaklda pulsiz qolishini bashorat qilmoqda. U vaqtga kelib, Xitoyda 60 yoshdan oshgan (pensiya yoshi) odamlar soni taxminan 280 milliondan 400 millionga oshadi.

Nashrning qayd etishicha, mahalliy hokimiyat organlari tug‘ilish darajasini oshirish siyosatini amalga oshira olmayapti — koronavirus pandemiyasidan keyin yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun budjetda mablag‘ yo‘q. Qolaversa, yosh xitoyliklar yirik shaharlarda yashashning qimmatligi va ayollarni ish bilan ta’minlashda davlat yordamining sustligi sabab farzand ko‘rishga shoshilmayapti.