16-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida 2023-yilda budjetdan 1,2 trillion so‘mlik noqonuniy xarajat hamda 200 milliard so‘mlik kamomad va o‘g‘riliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangani aytib o‘tildi.

Xususan, Jizzax politexnika institutida haqiqatda ishlamagan 110 nafar fuqaroga qariyb 10 milliard so‘m ish haqi hisoblab, noqonuniy o‘zlashtirilgan.

Namangan, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari “Yagona buyurtmachi xizmati” kompaniyalari 18 ta obyektda amalda bajarilmagan 50 milliard so‘mlik ishlarni hisobotlarga qo‘shib yozgan.

Sergeli obodonlashtirish boshqarmasida aslida ishlamagan xodimlarga 4,3 milliard so‘m to‘langan.

Qo‘shrabot ta’lim bo‘limi buxgalteri tomonidan 3 milliard so‘m naqd pul va 1,5 milliard so‘m mablag‘ plastik karta orqali noqonuniy o‘zlashtirilgan.

“O‘zgidromet” rahbariyati budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan asossiz 1,3 milliard so‘m ssuda olgan, shuningdek, o‘zlariga bir necha karra ko‘p mukofotlar yozib kelgan.

Davlat tashkilotlari rahbarlari o‘zlariga asossiz ravishda mukofotlar va boshqa moddiy rag‘batlantirish pullarini yozib kelayotgani bilan bog‘liq holatlar tekshiriladi va mablag‘larning budjetga qaytarilishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.

Mazkur yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev budjet mablag‘larini iqtisod qilish ish hajmini qisqartirish emas, balki loyihani to‘g‘ri qilish, “shishirilgan” xarajat va ortiqcha hashamatni kesish hisobidan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.