16-yanvar kuni xalq deputatlari Bo‘ka tumani kengashining qarori bilan Begmatov Baxtiyor Paxriddinovich tuman hokimi etib tayinlandi, deya xabar bermoqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Baxtiyor Begmatov 1976-yili Toshkent viloyati Parkent tumanida tug‘ilgan. 1998-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, 2001-yilda Prezident huzuridagi davlat va jamoat qurilishi akademiyalarini tamomlagan.

U faoliyati davomida Nurafshon shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Toshkent viloyati Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Tayinlovga qadar Begmatov viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari-mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

U mazkur lavozimda 2020-yilning fevralidan ishlab kelayotgan Nizomiddin Abbosovning o‘rnini egalladi.