O‘zbekistonda 2024-yil 1-fevraldan bir qator elektrotexnika mahsulotlarini olib kirishda ishlab chiqaruvchining vakolatli vakillari yoki rasmiy dilerlari bo‘lishi shart. Bu prezidentning 10-yanvardagi “Elektrotexnika sanoatini ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan, deya xabar berdi “Gazeta.uz”ga Adliya vazirligi.

Vakillar va dilerlar ushbu mahsulotlarning “sifati, xavfsizligi hamda servis kafolatini ta’minlaydigan va mijozlarga xizmat ko‘rsatadigan” bo‘lishi kerak.

Ushbu ro‘yxatga quyidagilar kiradi:

  1. alyumin radiatorlar;
  2. suv isitish qozonlari;
  3. suv isitkichlar;
  4. bug‘ qozonlari;
  5. changyutkichlar;
  6. kir yuvish mashinasi;
  7. sovitkich va muzlatkichlar;
  8. televizor va monitor;
  9. maishiy gaz pechi;
  10. duxovka va pechka;
  11. mikroto‘lqinli pech, dazmol va suv isitkich;
  12. konditsioner;
  13. suv nasoslari.

“O‘zeltexsanoat” saytida assotsiatsiya a’zolari sifatida O‘zbekistondagi 31 ta elektrotexnika buyumlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, jumladan, Polaris Technologies, Quality Device, Future Industry Systems, Quality Electronics, Techno Continental, Next Generation Product (ayrim korxonalar tugatilib, boshqa nomda ochilgan, biroq ularning ta’sischilari Artel Electronics nomi ostida bo‘lgan yoki ko‘rsatilgan), Biss Electronics System (Qarshidagi S Smart televizorlar ishlab chiqaruvchi), Sam-Ferri (Femas brendi ostida maishiy texnika, Kleo muzlatkichlari va sovitkich uskunalari va boshqalar ishlab chiqaradi) va boshqalar ko‘rsatilgan.