AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) 10-yanvar kuni Toshkentdagi “Energiya” muvofiqlashtirish va dispetcherlik markaziga energetika sektorini boshqarish bo‘yicha 1,4 million dollarlik zamonaviy asbob-uskunalar va dasturiy ta’minotni topshirdi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

Foto: USAID

Marosimda Energetika vaziri o‘rinbosari Akmal Jumanazarov, AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik, USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Devid Xofman hamda “Energiya” muvofiqlashtirish va dispetcherlik markazi direktori Hamidilla Shamsiyev va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbirda “Energiya” MDM dispetcherlariga mintaqadagi energiya rejimini saqlash uchun dolzarb ma’lumotlarni namoyish qilish imkonini beradigan ilg‘or texnologiyalar namoyish qilindi.

Foto: USAID

Ta’kidlanishicha, ushbu sarmoyalar tarmoq barqarorligini ta’minlash va mintaqaviy energiya savdosi imkoniyatlarini kengaytirish uchun Markaziy Osiyoning elektr energiyasi oqimini boshqarish hamda nazorat qilish qobiliyatini oshiradi. Shuningdek, u qayta tiklanadigan energiya manbalarining jadal integratsiyasi hamda Markaziy Osiyoda elektr energiyasi va quvvatlar bozorini joriy etish munosabati bilan ortib borayotgan muammolarga duch kelayotgan mintaqaviy tizim operatori sifatida “Energiya” MDM ishini modernizatsiya qiladi.

Qayd etilishicha, uskunaning o‘rnatilishi AQSh va Markaziy Osiyoning barcha besh davlati — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston prezidentlarining qo‘shma farmonida bayon etilgan yuqori darajadagi ustuvor vazifalarga muvofiq holda O‘zbekiston va butun mintaqada yanada mustahkam hamda samarali energetika landshaftiga erishish yo‘lidagi muhim qadamdir.

Elchi Jonatan Xenik so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlarining energetika tizimi uzoq yillardan buyon bir-biriga juda bog‘liq. Mazkur sohadagi muvofiqlashtirish ishlari muhim hisoblanib, bu mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

usaid, energetika

Jonatan Xenik

“O‘zbekiston markaziy geografik joylashuvi, boy energiya resurslari va asosiy infratuzilmasi tufayli mintaqada muhim rol o‘ynaydi. Markaziy Osiyoning energetika tizimi kengayib, yanada murakkablashib borar ekan, energetika sohasini rivojlantirishni rejalashtirish uchun innovatsion yechimlar zarurdir. Biz birgalikda qayta tiklanuvchi energiya manbalari tizimiga o‘tishning murakkab muammolariga javob berish uchun barqaror kelajak uchun poydevor qurmoqdamiz”, — dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi.

USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Devid Xofmanning ta’kidlashicha, bu loyiha nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarini ham qamrab oladi. “Loyihadan maqsad shuki, qayta tiklanadigan elektr energiya manbalariga sarmoya kiritish va buning uchun sharoitlar yaratish hamda mazkur mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashdir”, — dedi u.

“Energiya” muvofiqlashtirish va dispetcherlik markazi direktori Hamidilla Shamsiyevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu markaz 1960-yildan beri faoliyat yuritadi.

“Markazga sobiq SSSR davrida asos solingan, ya’ni 1960-yilda beshta mamlakatning energetika sohasini boshqarish uchun Toshkentda dispetcherlik markazi tashkil etilgan. Markazimiz 2007-yildan nodavlat-notijorat tashkiloti sifatida Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimini boshqarib kelmoqda. Tashkilotning asosiy ofisi Toshkentda bo‘lib, uning Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda dispetcherlari mavjud”, — dedi u.

usaid, energetika

Hamidilla Shamsiyev

Uning aytishicha, to‘rtta davlatdagi dispetcherlik markazlari 220−500 kVt liniyalardagi uzilishlar va avariyalarni vizual holatda o‘rganib, ularni bartaraf etish choralarini ko‘radi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi elektr energiyasining import va eksport grafikasini ishlab chiqish, liniyalarni ta’mirlash kabi bir qator ishlar bilan ham shug‘ullanadi.

“Markazga qarashli dispetcherlik nuqtalarini asbob-uskunalar bilan ta’minlashga moliyaviy imkoniyatimiz yetmas edi. 2018-yilda Ashxobodda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada nutq so‘zlab, xalqaro tashkilotlardan yordam so‘ragandim. O‘shanda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda USAID rahbariyatlari ko‘mak ko‘rsatishga rozilik bildirgan. Barchasi birin-ketin yordam berdi. Mana bugun USAID tomonidan ilg‘or texnologiyalar topshirildi. Bundan albatta xursandmiz”, — dedi Hamidilla Shamsiyev.

Ma’lumot uchun, USAIDning mintaqaviy energetika loyihasining umumiy qiymati 39 million dollarni tashkil etadi. Besh yilga mo‘ljallangan loyiha energetika sektori faoliyatini yaxshilash, toza energiyani rivojlanishini jadallashtirish, mintaqaviy aloqalarni kengaytirish va transchegaraviy energiya savdosini kengaytirish orqali energiya xavfsizligi hamda barqarorligini oshirishga qaratilgan. Ushbu loyiha orqali USAID toza energiyaga 2,2 milliard dollar sarmoya kiritgan va shu kungacha Markaziy Osiyo bo‘ylab 2241 megavatt toza energiya quvvatini o‘rnatishga hissa qo‘shgan.