O‘zbekiston prezidenti, Qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Qurolli kuchlar tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni (14-yanvar) munosabati bilan harbiy xizmatchilarga tabrik yo‘lladi.

“Sizlarning metin irodangiz, jangovar ruhingiz va shiddatingizga qarab, Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayoti, sarhadlarimiz daxlsizligi mustahkam ishonchli qo‘llarda ekanini yanada chuqur his etmoqdamiz”, — deyiladi tabrikda.

“Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida erishayotgan barcha yutuq va marralarimizda Qurolli kuchlarimiz va ularning saflarida o‘z vazifasini sidqidildan ado etayotgan ming-minglab harbiylarimizning munosib hissasi bor, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev “hozirgi o‘ta murakkab vaziyatda” “vatan xavfsizligi va manfaatlarini ishonchli ta’minlash” dolzarb vazifaga aylanayotganini ta’kidladi.

“„O‘zbekiston — 2030“ strategiyasida mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, jamiyatimizda tinchlik va totuvlikni ta’minlash, yurtimiz mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash va Qurolli kuchlarimizni rivojlantirish masalalari ustuvor yo‘nalishlar etib belgilandi”, — dedi davlat rahbari.

“Milliy armiyamizning chinakam kuch-qudratini belgilab beradigan qo‘rqmas va dovyurak harbiylarimiz qalbida jangovar ruhni oshirish, ularni har qanday qiyinchilik va sinovga chidamli va matonatli etib tarbiyalash bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi”, — deya qayd etdi prezident.