Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazining davlat organlarida raqamlashtirish dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Abror Shazimov davlat boshqaruvi va fuqarolarga xizmat ko‘rsatishda 2023-yildagi yutuqlar hamda istiqbollar xaqida gapirib berdi.

2023-yilda O‘zbekistonda davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning real sektorini raqamlashtirish sohasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ushbu sa’y-harakatlarning barchasi davlat boshqaruvi samaradorligi va shaffofligini oshirish, byurokratiyani qisqartirish, hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida raqamli texnologiyalarga asoslangan zamonaviy tizimni yaratishga qaratildi.

2023-yilda tasdiqlangan asosiy hujjatlardan biri O‘zbekiston prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2023−2024-yillarga mo‘ljallangan “Raqamli hukumat” va “Raqamli hudud” dasturlari doirasida 300 ta ustuvor loyihani amalga oshirish belgilab berildi. Bank, moliya, bojxona, qishloq xo‘jaligi, geologiya-kadastr kabi turli sohalarda 100 dan ortiq axborot tizimlari va dasturiy ta’minotlarning yaratilgani oldinga qo‘yilgan muhim qadamlardan bo‘ldi.

Raqamli bojxona tamoyili asosida bojxona yuk omborlarida hujjatlarni rasmiylashtirish vaqtining uch soatdan 30 daqiqagacha qisqarishi raqamlashtirishning muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganiga yorqin misoldir. Xuddi shunday, qishloq xo‘jaligida “Agroplatforma” axborot tizimi orqali shartnomalar tuzish vaqti 1−2 kundan 20 daqiqagacha qisqartirildi. Buning sharofati bilan 36 mingdan ortiq qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchilarning 90 foizi axborot tizimda ro‘yxatga olindi.

Iqtisodiyot vazirligining E-nazorat dasturiy majmuasi budjet mablag‘laridan samarasiz foydalanish xavfini tahlil qilish imkonini berdi. Iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida “Resurslar hisobini yuritish” tizimlari esa mablag‘larni tejashga xizmat qilmoqda. Bunga misol tariqasida Buxorodagi “Janubiy kemachi” konini keltirish mumkin, bu yerda yo‘qotishlar miqdori uch foizga qisqardi va buning natijasida yiliga 28 mln kub m qo‘shimcha gaz olindi.

“Yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat organlarining rasmiy veb-saytlari va portallarini birlashtiruvchi O‘zbekiston hukumati portalining yagona platformasi ishga tushirilgani yana bir muhim yutuq bo‘ldi. Bu aholi va tadbirkorlarning davlat xizmatlari hamda axborotlaridan qulay foydalanishi uchun sharoit yaratdi.

Qog‘ozsiz ish yuritishga o‘tishni jadallashtirish maqsadida “Ijro intizomi yagona tizimi” joriy etildi. Bu davlat organlarida qog‘oz hujjatlardan foydalanishni qisqartirish imkonini berdi. Shuningdek, hujjatlarni qayta ishlash muddatining qisqarishiga va davlat idoralari va uning quyi bo‘g‘inlari xodimlari o‘rtasida o‘zaro ma’lumotlar almashinuvining yengillashishiga olib keldi.

O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirildi va bu tashabbus davom etmoqda. “Raqamli O‘zbekiston” strategiyasi doirasida keng polosali internetdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va aholi o‘rtasida raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha rejalar ishlab chiqilib, aksariyati natijalar ko‘rsata boshladi. Bunga raqamli ta’lim dasturlari, raqamli savodxonlik markazlarini yaratish va elektron tijoratni rivojlantirishlar ham kiradi.

Bugunga kelib, respublikada elektron shaklda ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari ulushi 64 foizni tashkil etmoqda.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari (My.gov) portalida 205 dan ortiq yangi xizmatlar joriy etilib, jami xizmatlar soni 575 tadan oshdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 170 foizga ko‘pdir. Xizmatlar safiga fuqarolar uchun dolzarb bo‘lgan yangi: “Haydovchilik guvohnomasini yangilash”, “Sportchi pasportini berish”, “Talabalar turar joyiga joylashish”, “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida shahodatnoma olish”, “Tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yoki uning dublikatini olish” kabilar qo‘shildi.

2023-yilda davlat xizmatlarini ko‘rsatish nuqtalarini kengaytirish maqsadida 13 ta tijorat banki, onlayn to‘lov tizimlari va mobil operatorlarning mobil ilovalari uchun 30 ga yaqin xizmat joriy etildi. Ushbu xizmatlardan 330 mingdan ortiq kishi foydalangan.

O‘tgan yili hududlarda aholining elektron xizmatlardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘tkazilgan o‘quv seminar va treninglarda jami 20 ming nafardan ortiq aholi, yoshlar va tadbirkorlik subyektlari o‘qitildi. Jumladan, “my.gov.uz — xizmatingizda” loyihasi doirasida IT Park`ning o‘quv markazlarida 13 ming nafardan ziyod rezident, 4000 nafar oliy o‘quv yurti talabalari va 3000 nafar yoshlar malaka oshirishdi.

Erishilgan natijalar va yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlariga qaramay, hali hal qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar ko‘p. Xususan, 2024-yilda 75 ming nafar maktab o‘quvchisining xalqaro IT bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitilishi ko‘zda tutilgan. Viloyat va shahar markazlari 5G tarmoqlari bilan qamrab olinadi. O‘zbekiston xorijiy va mahalliy IT-kompaniyalar tomonidan jahon sahnasida “Mintaqaviy IT hab” sifatida targ‘ib qilinadi. Ushbu vazifalarni amalga oshirish doirasida xorijiy va mahalliy kompaniyalar mutaxassislari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ommalashtirish, portaldagi xizmatlar sonini 700 taga yetkazish, davlat boshqaruvida 500 ta funksiyani raqamlashtirish kabi 100 ga yaqin tadbirlar ham mavjud.

Yuqoridagi vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi O‘zbekistonning BMT tomonidan o‘tkaziluvchi elektron hukumat rivojlanishi reytingida kuchli 30 talikka kirishiga zamin yaratadi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning real sektorini raqamlashtirish mamlakat samaradorligini oshirish va rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu boradagi sa’y-harakatlar esa allaqachon o‘z ntijasini bermoqda. Biroq raqamlashtirishning to‘liq salohiyatiga erishish uchun infratuzilmani rivojlantirishni davom ettirish, xavfsizlikni ta’minlash va barcha fuqarolar uchun raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish zarur.

Reklama huquqlari asosida.