O‘zbekistonga maishiy texnika importi uchun antidemping bojlari qo‘llanishi mumkin. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi hukumat komissiyasining 25-dekabrdagi 118-sonli majlisi bayonnomasida ko‘zda tutilgan (“Gazeta.uz”da hujjat nusxasi mavjud).

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi va “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga ikki oy muddatda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda, maishiy texnika vositalarini O‘zbekistonga import qilishda maxsus bojxona bojlarini (antidemping bojlari — o‘rtacha 10 foizlik) joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

Antidemping boji — ishlab chiqaruvchi mamlakatning ichki narxlaridan past narxlarda, ya’ni dempingdan foydalangan holda import qilinadigan tovarlar uchun qo‘shimcha boj. Undan O‘zbekistonga qarshi ham foydalanilgan. Masalan, 2022-yilning fevral oyida Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati O‘zbekistondan polietilen import qilishda besh yil muddatga shu bojni 20,3 foizlik qiymatda qo‘llagan edi. YeIK, shuningdek, Xitoy yuk avtomobillari shinalari uchun ham bojxona qiymatining 14,79 foizdan 35,35 foizgacha bo‘lgan miqdorida antidemping bojini belgilagan. Yevropa komissiyasi Xitoyning choksiz quvurlari va allyuminli prokatlariga 29,2−54,9 foiz darajasida shu turdagi bojlar kiritgan.

Bayonnoma bilan, shuningdek, Bojxona qo‘mitasiga respublikada ishlab chiqarishi o‘zlashtirilgan elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar importi uchun bojxona to‘lovlarini hisoblashda xos stavka metodi qo‘llanishi (foizdagi asosiy stavkadan tashqari, miqdor uchun ham stavka qo‘llanadi, masalan, oynali konditsionerlar/split-tizimlarni import qilish uchun narxning 30 foizi miqdorida stavka qo‘llanadi, lekin bu mahsulotning har bir donasi uchun 50 dollardan kam bo‘lmasligi kerak) ustidan nazoratni zimmasiga olish buyurildi.

Bojxona organlari, shuningdek, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan reglament talablari va standartlarga nomuvofiq deb topilgan elektrotexnika mahsulotlarini erkin muomalaga chiqarishni qat’iy taqiqlash choralarini ko‘rishi lozim.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi taklifi bilan elektrotexnika sohasida faoliyat yurituvchi yirik korxonalar va eksportyorlarni “vakolatli iqtisodiy operatorlar” ro‘yxatiga kiritish amaliyotini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Vakolatli iqtisodiy operator — bojxona operatsiyalarni amalga oshirishda soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish talablariga javob beruvchi yuridik shaxslarga beriladigan maqom.