11-yanvar kuni Uzbekistan Airways kompaniyasining Toshkent-Istanbul yo‘nalishidagi HY271 raqamli aviaparvozida fuqaro vafot etdi, deya xabar bermoqda O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi matbuot xizmati.

O‘rganilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1946-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi X.T. davom etib kelayotgan surunkali kasallikka shifo topish uchun Istanbul shahriga ketayotgan bo‘lgan. Biroq aviaparvoz chog‘ida bemor sog‘lig‘i yomonlashgani va yurak xurujini boshdan kechirgan.

Ekipaj hamda yo‘lovchilar hamrohligida unga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan hamda yurak pulsining to‘xtashi kuzatilgach, tibbiy ko‘nikmaga ega bo‘lgan kishilar tomonidan yurak massaji qilingan.

Biroq muolaja sa’y-harakatlarga qaramasdan fuqaroning hayotini saqlab qolish iloji bo‘lmagan. Samolyot Anqaraga qo‘nishga majbur bo‘lgan.

Elchixona tomonidan marhumga tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilgan hamda uning jasadi 12-yanvarda O‘zbekistonga jo‘natilishi ta’minlangan.