“Kapital sug‘urta” AJning moliyaviy hisobotlarini o‘rganish natijalariga ko‘ra qonunchilik hujjatlarida belgilangan me’yorlarga rioya qilinmaganlik faktlari aniqlanib, natijada 162 million so‘m miqdorida jarima solindi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar qildi.

Bundan tashqari, “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni 47-moddasi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuni 32-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-sonli qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi Yagona nizomning 41-bandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining tegishli qaroriga asosan “Kapital sug‘urta” AJga sug‘urta faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha berilgan 2022-yil 22-noyabrdagi 049696-sonli litsenziya 2024-yil 11-yanvar sanasidan boshlab 10 kun muddatga to‘xtatildi.

“Kapital sug‘urta” AJ litsenziyasining amal qilishini to‘xtatib turish muddati davrida yangi sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini tuzish, amaldagi sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini uzaytirish ta’qiqlanadi.

“Kapital sug‘urta” AJ ilgari tuzilgan sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalari bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni belgilangan tartibda bajarishi shart, deyiladi agentlik habarida.