Ijtimoiy tarmoqlarda Paynet shoxobchasida plastik kartaga pul tushirib, lekin naqd pulni bermasdan qochib ketayotgan shaxsning videosi tarqalib turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Toshkent shahar IIBB ushbu shaxs ushlanganini ma’lum qildi.

2024-yilning 3-yanvar kuni 1993-yilda tug‘ilgan Husanov Kamron Xisrav o‘g‘li Olmazor tumanidagi Paynet shoxobchasiga kirib, plastik kartasiga 682 000 so‘m miqdoridagi pulni o‘tkazishni so‘ragan. Aytilgan pul miqdori plastik kartasiga tushirilgandan so‘ng, K.Xusanov naqd pulni to‘lamasdan shoxobchadan qochib ketgan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 166-moddasi (Talonchilik) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari boshlangan.

“Hurmatli fuqarolar agar siz ushbu shaxsdan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki uning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71−206−49−44, 71−206−46−35 yoki 102 raqamlariga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, — deyiladi boshqarma habarida.