Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel iyul oyida bo‘lib o‘tadigan Yevroparlament saylovlarida ishtirok etish niyatida ekanini ma’lum qildi. U o‘z qarori haqida Belgiyaning De Standaard, Le Soir va La Libre gazetalarini xabardor qildi, deb yozmoqda “Meduza”.

“Men 2024-yilgi Yevropa saylovlarida nomzod sifatida qatnashishga qaror qildim. Agar saylansam, iyul oyi o‘rtalarida Yevroparlament a’zosi sifatida qasamyod qilgunimga qadar Yevropa kengashi prezidenti bo‘lib ishlayman”, — deya belgiyalik siyosatchining so‘zlarini keltiradi De Standaard.

2019-yil 1-dekabrdan beri mazkur lavozimda ishlab kelayotgan 49 yoshli Mishelning Yevropa kengashi prezidenti sifatidagi vakolati 2024-yilning noyabrida tugaydi, Yevropa parlamentiga saylovlar esa iyul oyida bo‘lib o‘tadi. Bir paytda Yevropa kengashi rahbari va Yevroparlament a’zosi lavozimlarini egallash mumkin emasligi sababli, Mishel saylansa, o‘z lavozimini muddatidan avval tark etadi.

O‘z navbatida, Politico nashrining ta’kidlashicha, Mishelning qarori Yevropa yetakchilariga qo‘shimcha bosim keltirib chiqaradi, chunki ular odatdagidan qisqaroq vaqt ichida uning vorisi haqida kelishib olishlari kerak. Agar bu amalga oshmasa, Yevropa kengashiga rahbarlik vaqtincha Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanga o‘tadi, chunki Vengriya 2024-yil iyulidan dekabrigacha YeI kengashiga raislik qiladi.

Viktor Orban Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishga doimiy ravishda qarshi bo‘lib kelmoqda. Xususan, dekabr oyida Vengriya bosh vaziri Yevropa Ittifoqining Ukrainaga 50 milliard yevro miqdorida iqtisodiy yordam ajratish haqidagi qaroriga veto qo‘ygandi. Shuningdek, u Ukrainaning YeIga kirishi bo‘yicha muzokaralar boshlanishiga qarshi chiqqan.