Internetda O‘zbekistonda budjet tashkilotlari xodimlari, jumladan, o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqi to‘lanishi kechikayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

3-yanvar kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi (IMV) budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha tizim — UzASBO`ga o‘tishda ayrim muammo va uzilishlar kuzatilayotgani to‘g‘risida xabar berdi.

Vazirlik oradan ikki kun o‘tib tizimdagi muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, UzASBO-2 tizimi budjet tashkilotlarining dekabr oyi II yarmi uchun 35 foiz ish haqlarini moliyalashtirdi.

“Mutaxassislar tomonidan monitoring olib borilmoqda va ish haqini 5 ish kunida (11-yanvargacha — tahr.) moliyalashtirib berish yuzasidan zaruriy choralar ko‘rilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Yangi tizimga o‘tishdan avval IMV tomonidan dekabr oyida vazirlik va idoralarning buxgalterlari hamda mas’ul xodimlari ishtirokida seminar-treninglar o‘tkazilgan.